Breaking News

Damashqda portlash, oppozitsiya bu uning ishi ekanini da'vo qildi


BMT Qochqinlar agentligi hisobicha, Suriyada urush bois uyini tashlab chiqayotgan fuqarolar soni kun-sayin oshib bormoqda.
BMT Qochqinlar agentligi hisobicha, Suriyada urush bois uyini tashlab chiqayotgan fuqarolar soni kun-sayin oshib bormoqda.
Bugun Suriya poytaxti Damashqda BMT xodimlari tunayotgan mehmonxona va harbiy muassasa yaqinida portlash ro’y berib, bir necha kishi jarohatlangan. Xalqaro kuzatuvchilarga ziyon yetmagan. Isyonkor Ozod Suriya armiyasi bu uning ishi ekanini da’vo qiladi.



Suriya tashqi ishlar vaziri muovini Faysal Mekdadning aytishicha, yonilg’i ortilgan yuk mashinasida bomba portlagan. Uch kishi jarohat olgan.

“Terror xuruji bu”, - dedi Mekdad. “Bunga chek qo’yish kerak. Xalqaro hamjamiyat terrorizmga qarshi jonliroq, birdamroq bo’lib harakat qilmog’i lozim. BMT xodimlariga yo’lashga jur’at etishdimi, demak, boshqa obyektlarni ham bemalol urishadi”, - deydi rasmiy.

Damashq so’nggi paytlarda bot-bot hujumga uchragan. O’tgan oy Milliy xavfsizlik xizmati binosida sodir etilgan portlash bir necha mulozimni hayotdan olib ketgan edi.

Suriyada o’tgan yilning martida boshlangan qo’zg’olon 20 ming fuqaroning boshini yegan.

Assadga qarshi olishayotganlar kimlar?

Ekspertlar deydiki, prezident Bashar al-Assadga qarshi isyon qilayotgan kuchlar tarkiban xilma-xil. Oppozitsiyalar haqida so’z bormoqda, deydi tahlilchi Favaz Gerges.

“Suriyada 100 dan ziyod qurolli muxolifat bor. Qarashlari, pozitsiyalari bir-biridan farq qiluvchi bu guruhlar ham mamlakatda, ham chetda faoliyat yuritmoqda. Diniy oqimlar, jumladan, Musulmon Birodarlar, salafiylar, murosaga moyil islomiy guruhlar shular sirasidan. Millatchilar alohida bir sinf. Dunyoviy tuzum tarafdorlari bor. So’lchilar. Suriya muxolifati tarkiban g’oyat murakkab va boy ekanini tan olish kerak”, - deydi eskpert.

Gerges so’zlariga qaraganda, oppozitsiya yakdil emas.

“Xorijdan turib ishlayotgan muxolifatchilar, xususan, Suriya Milliy Kengashi va boshqalarning pozitsiyasida tub tafovut ko’zga tashlanadi. Suriyaning o’zida faoliyat yuritayotgan oqimlar va isyonchilar ham o’zaro, ham chetdagilar bilan til topishishi qiyin bo’layapti”, - deydi tahlilchi.

Ayrim mutaxassislar nazarida bu jamoalar shu qadar tarqoq va samarasizki, prezident Bashar al-Assad hukumatiga muqobil kuch bo’la olmaydi.

Lekin ekspert Nadim Shahodiy fikricha:

“Oppozitsiya safidagi bo’linish aslida ustunlikdan darak beradi. Fikrlardagi farq jamiyat siyosiy jihatdan sog’lom, taraqqiy etib borayotganidan nishona. Tarixiy, etnik va ma’rifiy jihatdan boy Suriya jamiyati o’zini ilk bor namoyish etmoqda. Bu jarayonlar kelgusida demokratiya uchun zamin hozirlaydi. Muxolifatni mushtarak bir kuchli lider qo’li ostida birlashtirish diktaturaga yetaklaydi, xolos”, - deydi Shahodiy.

Bu mutaxassislar nazarida prezident Assad rahbariyatdan ketgach, isyonchilar oradagi farq va ziddiyatni unuta olish-olmasligida gap ko’p.

Muvaqqat rahbarlikka loyiq deya ko’rilganlardan biri sal oldin Fransiyaga qochgan general Manaf Tlassdir. Uning otasi Mustafo Tlass uzoq yillar mudofaa vaziri bo’lib ishlagan. Manaf Tlassning o’zi Assadni bolalikdan tanib, ishongan maslahatchisi edi.

Lekin ekspert Favaz Gerges so’zlariga ko’ra, Tlass Assad rejimi bilan ishlab, nomiga dog’ tushirib bo’lgan.

“Muxolifat, ayniqsa, Suriyadagi kuchlar Tlass oilasini Assad sulolasi bilan bog’lab keladi. Mana shu tarix, rishta bois Assaddan keyingi Suriyada Manaf Tlass boshqaruvda hal qiluvchi rol o’ynashi gumon”, - mutaxassis.

Tahlilchi Nadim Shahodiy deydiki, chetdagi muxolifatning Suriyada qonuniy salobati yo’q. Hatto Istanbuldagi Suriya Milliy Kengashi Turkiyaga o’ta suyanib qolgan sanaladi.
Haqiqiy siyosiy inqilob Suriyada ro’y bermoqda, deydi u.

“Assad hukumatining jig’iga tegayotgan jihat ham shu. Rejim zo’ravonlik, g’alayonlarni kuch bilan bostirishda davom etadi. Urush kelasi 10 yil davom etsa ham, Assad bunga qarshi emas va jang qilishda davom etadi. Uning jahlini chiqargan narsa shuki, Suriyada haqiqiy muxolifat, siyosiy kuch paydo bo’lmoqda. Assad buni tan olishdan bosh tortib, ajnabiy jangarilar va xorij fitnasi deya ta’riflashni ma’qul topmoqda”, - deydi Shahodiy.

Aksariyat ekspertlar fikricha, oppozitsiya hali uzoq kurashishi kerak bo’ladi, chunki Bashar al-Assad so’nggi nafasigacha olishishga tayyor ko’rinadi.

Qochqinlar taqdiri

BMT Qochqinlar agentligi hisobicha, Suriyada urush bois uyini tashlab chiqayotgan fuqarolar soni kun-sayin oshib bormoqda. Qariyb 160 ming odam Iordaniya, Livan, Iroq va Turkiyaga qochgan. Ro’yxatga olinmaganlar undanda ko’p ekani aytiladi.

BMT so’zlovchisi Adrian Edvards ularni rasman qayd etish muhim, deydi.

“Suriyaliklar orasida xavotir bor. Nomim biror yerda ro’yxatga tushsa, hukumatga yetib boradi, keyinchalik jazolanaman, degan qo’rquv bor. Lekin bu kayfiyat sekin-sekin o’zgarmoqda. Iordaniyada, masalan, odamlar o’zi kelib, ismi-sharifini yozib qo’yishni so’ray boshlagan. Shunda ularga yegulik, yordam yetkazish ham osonroq”, - deydi rasmiy.

O’tgan shanba, deya bildiradi BMT, 283 suriyalik qo’shni Iordaniyaga o’tgan. Iyuldan beri bu raqam kunda o’rtacha 400 kishini tashkil etib kelayotgan edi. Raqam kamaygani chegaradan o’tish xavfli bo’lib qolgani, otishmalar jadallashgani bilan izohlanadi.

Livan-Suriya chegarasida vaziyat ayanchli, deydi Edvards.

“Suriya askarlari chegaradan turib, haftasida ikki-uch bor o’t ochadi. Shunga qaramasdan qochqinlar Livanda qolishni afzal ko’rayapti, chunki nisbatan bexatar, mahalliy oilalar ularni bag’riga olgan”.

Turkiya-Suriya chegarasida ham manzara shu. O’tgan bir necha kunda 10 ming odam Turkiyaga o’tgan. Hozirda ularning soni 60 mingni tashkil etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG