Breaking News

Suriya armiyasi Damashqda 12 odamni o'ldirgan


Suriya armiyasi poytaxt Damashqqa o’q yog’dirishda davom etib, bugun kamida 12 odamni o’ldirgan. Britaniyada asoslangan huquq tashkilotining “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, ayniqsa, janubiy tumanlar ko’p talofat ko’rgan.

Armiya aksariyat isyonchilarni hududdan siqib chiqarganidan beri bugungi hujumlar eng shiddatli va ayovsizi bo’ldi, deydi guvohlar. Ularning aytishicha, hududni o’tgan oy tark etgan muxolifat sekin-asta qaytmoqda.

Ayrim manbalarga ko’ra, kecha hukumat poytaxt yaqinidagi Modamiya shahriga hamla qilib, o’nlab odamni o’ldirgan. Huquq tashkilotlari bu raqam 60 ga yaqin deydi, 23 nafari isyonchi. Askarlar ortiqcha so’rab-surishtirmay atrofni o’qqa tutgani ta’kidlanadi.

Suriyada xalqaro jurnalistlar faoliyati keskin cheklangani bois bu xabarlarni mustaqil ravishda tasdiqlash mumkin emas.

Rasmiy Damashq nazarida isyonchilar – xorijdan qurol va boshqa madad olayotgan terrorchilar bo’lib, hukumatni barbod qilishni maqsad qilgan. Prezident Bashar al-Assad ma’muriyati qo’zg’olonni bostirishga urinib, ayniqsa, shimoliy shaharlarni havodan bot-bot urishga o’tgan. Hududda aholi orasida talofatlar kun-sayin oshib bormoqda.

Mojaro qo’shni Livanga ham tarqalib, bugun Tripoli shahrida tunda sunniylar va alaviylar o’rtasida olishuv sakkiz odamni hayotdan olib ketgan. Oxirgi bir haftada 100 dan ziyod fuqaro jarohatlangan. Suriya prezidenti Bashar al-Assad allaviylardan, muxolifat esa asosan sunniylardan iborat.

Bu orada, Turkiya rasmiylari bir kecha-kunduzda qo’shni Suriyadan 2500 qochqin kelganini aytmoqda. So’nggi bir necha haftada eng yuqori ko’rsatkich.

Rossiyaning “Kommersant” gazetasi mintaqadagi ahvolni yoritar ekan, Kreml nazarida Assad kimyoviy qurolni ishga solmoqchi emas va bu aslaha xavfsizligini ta’minlashga qodir, deb yozadi. “Kommersant” Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi bilan suhbatga tayanib xabar beradi.

Hafta boshida Amerika rahbari Barak Obama Suriya hukumatini ommaviy qirg’in qurolini qo’llamaslik haqida ogohlantirgan, aks holda chora ko’rishini aytgan edi.

Lekin amerikalik tahlilchi Robert Setloff nazarida Obamaning so’zlari Suriya xalqini himoya qilmaydi.

“AQSh hukumati kimyoviy qurol qo’llamang yoki bu haqda o’ylamang, deb po’pisa qilib, suriyaliklar ko’ngliga taskin bermoqchi bo’layapti. Bo’lmasa harbiy chora ko’ramiz, deyapti. Lekin boshqa tomondan, bu – armiya istagan qabihlik, jinoyat, qatliom, ommaviy zo’rlash, qotillik kabilarni bemalol sodir etishi mumkin, degani-ku. Bu jinoyatlarga qarab turaveramiz, degani-ku”, - deya norozi bo’ladi ekspert.

Assad ma’muriyati nazarida Obamaning bayonotlari saylovoldi tashviqot, propagandadir.

Suriyadagi urush qo'shni Livanga tarqalmoqda, Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:17 0:00
Yuklab oling


“Iroqda ommaviy qirg’in quroli bor, degan gaplarni eslatadi bugungi vaziyat”, - deydi Suriya bosh vazir muovini, Moskvaga safar qilayotgan Qadri Jamil. “Iroq xarob qilingach, bildikki, bunday qurol yo’q ekan mamlakatda. G’arb o’zga davlatga musht ko’tarish uchun bahona izlamoqda, xolos. Bu esa Yaqin Sharqda keng ko’lamli urushga yetaklashi aniq”, - deydi u.

Suriyaning Halab shahrida dushanba kuni olishuvlarni yoritayotib halok bo’lgan yaponiyalik jurnalist Mika Yamamotoning jasadi Turkiyadan vatani Yaponiyaga jo’natilgan. O’sha kuni muxbir ayol bilan birga shaharda ishlagan “Alhurra” televideniyesi ikki jurnalisti bedarak ketgan.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti hisobicha, Suriyada o’tgan yili qo’zg’olon boshlanganidan beri chet ellik besh jurnalist nobud bo’lgan. Bu davlat ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun eng xatarli manzillardan sanaladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG