Breaking News

AQSh rahbari: Assad ketsin, kimyoviy qurol qo’llay ko’rmasin


Assad qonuniy rahbar maqomini qo’ldan boy bergani, boshqaruvdan ketishi kerakligini tushunmayapti, deydi Obama.
Assad qonuniy rahbar maqomini qo’ldan boy bergani, boshqaruvdan ketishi kerakligini tushunmayapti, deydi Obama.
AQSh prezidenti Barak Obama Suriya rahbari Bashar al-Assadni lavozimidan ketishga chaqirib, hukumat kimyoviy yoki biologik qurolni ishlatmoqchi bo’lsa, Vashington bu davlatdagi mojaroga yondashuvni tubdan o’zgartiradi, demoqda.

Prezident Obama bu haqda kecha Oq uydagi brifingda so’zladi. Uning aytishicha, Assad qonuniy rahbar maqomini qo’ldan boy bergani, boshqaruvdan ketishi kerakligini tushunmayapti.

Suriyaga bosim oshmoqda, Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:04 0:00
Yuklab oling


“Xalqaro hamjamiyat uchun prezident Assad yurtni fuqarolik urushiga tortmay, siyosiy islohotlar yo’lini tanlagani ma’qul edi. Lekin Suriya rahbari osonlikcha ketadiganga o’xshamaydi”, - deydi Obama.

Prezident Qo’shma Shtatlar va umuman xalqaro hamjamiyat muxolifatga uzatayotgan insonparvarlik va boshqa yordamga ham to’xtaldi. Obama so’zlariga ko’ra, ayniqsa, urushdan qochayotgan oddiy suriyaliklarga madad uzatishda davom etiladi.

Bundan tashqari, deydi u, muxolifatga siyosiy ahvolni epaqaga keltirish, inson huquqlari, xususan, ozchilik elatlar haqqini hurmat qilish bobida maslahat beriladi.

Obama so’zlariga ko’ra, u Suriyaga nisbatan harbiy chora qo’llash haqida ko’rsatma bermagan. Lekin Amerika va ittifoqchilar bu mamlakatda voqealar rivojini diqqat bilan kuzatmoqda va Suriya hukumati kimyoviy yoki biologik qurolni ishga solishni xayoliga keltirgan taqdirda yondashuv mutlaqo o’zgaradi, deydi u.

“Har qanday chorani oldindan muhokama qilib qo’yganmiz. Mintaqada ommaviy qirg’in quroli qo’llansa yoki shu maqsadda bir joydan boshqa joyga ko’chirilsa, Damashq uchun oqibati ayanchli bo’lishini, bunga yo’l qo’ymasligimizni uqtirib o’tmoqchiman”, - dedi Oq uy rahbari.

Isroil ham bu ehtimoldan o’ta xavotirda ekanini bir necha bor aytgan.

Suriyalik kurdlar kimni yoqlamoqda?

Suriyaning Halab va Damashq kabi shaharlarida janglar shiddatli tus olib, hukumat shimoldagi kurdlar yashovchi viloyatlardan askarlarni ko’chirmoqda. Kurd aholi hududda xavfsizlikni o’z bo’yniga olishga qaror qilgan. Ayrimlar buni mustaqillik haqidagi orzu sari ilk qadam, deya ko’rmoqda.

Masalan, Afrin shahrida hozir tartibni saqlab turgan Kurd Demokratik ittifoq partiyasidir. Atrofdagi o’tish-nazorat punktlarida partiyaning bayrog’i hilpirab turibdi.

Sal naridagi Jolbul qishlog’ida odamlar shu yerlik yigitni dafn etgan. U qo’shni Turkiyada kurdlarning istiqlol yo’lidagi isyonida qatnashib, jon bergan. Suriyalik kurdlar bu kurashni qo’llab-quvvatlab, ayrimlar bir kun kelib mustaqil vatan haqida armoni ushalar, deb yashaydi.

Suriyada kurdlar aholining 10 foizini tashkil etadi, lekin bu davlat rahbarlari tomonidan rasman tan olinmay keladi. Kurdlar partiyasi yetakchilaridan biri, o’zini Hasan deya tanishtirgan shaxs Suriya-Turkiya chegarasidagi katta hududlar nazoratimizda, deydi. Uning aytishicha, mintaqada boshqa elatlar ham yashaydi.

“Bu yerdagi hamma elatlar ham mustaqillik haqidagi tashabbusni yoqlamaydi. Biz ham bu fikrga yopishib olganimiz yo’q. Huquqimiz hurmat qilinsin, muxtoriyat berishsin, istagimiz shu”, - deydi Hasan.

Suriyada bir yarim yildan oshibdiki, davom etayotgan mojaroda kurdlar biror tarafni yoqlab chiqmagan. Chunki, deydi Hasan, isyonchilar va Assad armiyasi kurdlar haqqini va talablarini inobatga olmayapti.

Suriya, Turkiya, Iroq va Eronda taxminan 30 million kurd yashaydi. Ularning istiqlol haqidagi o’ylari bu hukumatlarga o’ng’aysizlik berib keladi. Suriyadagi urush bu elatda ozodlikka erishsa bo’ladi, degan umid uchquni paydo qilgan va ular bu imkoniyatni mahkam tutmoqchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG