Breaking News

G’arbda Suriya muxolifatini qurollantirish ustida bahslar


Mana 1,5 yildirki, Suriyada isyonchi guruhlar asosan yengil qurollar bilan Bashar al-Assad hukumatiga qarshi kurashib kelmoqda. G’arb ularni urushda burilish yasay oladigan qurol-aslaha bilan ta’minlashi kerak, degan bahslar avjida.

Taxminan 200-250 ming zobitdan iborat Suriya armiyasi mintaqada eng kuchlilaridan hisoblanadi.

O’tmishda Sovet Ittifoqi, hozirda esa Rossiya uni qurol-aslaha bilan ta’minlab kelmoqda - minglab tanklar, vertolyot, qiruvchi samolyotlar, og’ir artilleriya, zirxli mashinalar va o’q-dori. Isyonchilar qo’lida asosan to’pponcha va Kalashnikov avtomatlari.

Xavfsizlik masalalari bo’yicha ekspert Jon Payk deydiki, muxolifatda vertolyot, tank va shu kabi og’ir vositalar yo’q.

“Suriya hukumati ishonch bilan g’alayonni bostirayotgani tabiiy, chunki biladiki kuchlar muvozanati teng emas”, - deydi u.

Isyonchilar qo’lidagi qurollar harbiy bazalarga hujumlar paytida qo’lga kiritilgan, asirga tushgan harbiylardan tortib olingan yoki qora bozorda sotib olingan. Yana bir taxmin, Qatar va Saudiya Arabistoni ham qurol-yaroqqa pul ajratyapti yoki to’g’ridan-to’g’ri yetkazyapti.

G’arb, xususan Amerika va Britaniya esa Suriya oppozitsiyasiga noharbiy yordam, aloqa vositalari, dori-darmon va suvni tozalab beruvchi anjomlar yetkazib turibdi. Buning o’zi yetarli emas, deydi AQSh senatori Jon Makkeyn.

“Vaqt boy berilyapti. Prezident Assad hujumga o’tgan. Ozod Suriya armiyasiga harbiy madad bermasak bo’lmaydi”, - deydi u.

Jon Makkeyn so’zlariga ko’ra, ular kurashni davom ettirishi uchun yaxshiroq qurol-aslahaga muhtoj. Shuningdek, G’arb Suriya armiyasini havodan nishonga olishi zarur.

Ammo AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton yetti o’lchab bir kes, degan maqolni eslatadi. Uning aytishicha, hatto Kongressda madadni oshiraylik deb bong urayotganlar ham bilmaydi, bu anjomlar oxir-oqibat kimga yetkazilishini. Muxolifatni qurollantirmaslik uchun boshqa sabablar ham bor.

“Assad rejimi qanchalik zolim bo’lmasin, muxolifat ichidagi terrorist va radikal kuchlar nazoratni qo’lga olishi xavfi bor. O’nlab yillik repressiya uchun o’ch olish payida yurganlar alaviylarni, nasroniy, druz va sunniylarni, rejim tarafdorlarini yoppasiga qirishi mumkin”, - deydi Jon Bolton.

Bunday qirg’in Amerika yetkazgan aslaha bilan amalga oshirilishi haqiqiy fojia bo’ladi, deya qo’shadi sobiq rasmiy.

Favaz Gerges London Iqtisodiyot oliygohida dars beradi. Isyonchilarni qurollantirish, uning nazarida, prezident Assadga ham qo’l keladi.

“Shuni yodda tutish kerakki, Assad ma’muriyati qurollangan jinoyatchi to’dalar va al-Qoidaga sherik ekstremistlarga qarshi kurashayapmiz, deb boshidan da’vo qilib kelayapti. Aholining bir qismi bunga ishonadi ham”, - deydi Gerges.

Ekspert fikricha, Suriya rahbarining yaqin orada hokimiyatdan ketish yoki chekinish niyati yo’q. Unga qarshi bosh ko’targan guruhlarni mag’lub eta olishiga ishonadi. Xorijiy davlatlar aralashuvisiz, Assad davlatini yana uzoq vaqt boshqarishi mumkin.
G'arbda Suriya muxolifatini qurollantirish ustida bahslar/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:48 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG