Breaking News

Himsda qonli hujumlar, o'ndan oshiq odam o'lgan


Hims, Suriya
Hims, Suriya

Suriyaning Hims shahrida bugun, dushanba kungi ikki portlash kamida 19 odamning boshini yedi. Avvaliga birinchi portlash sodir etilib, ketidan odamlar to'plangach, yana bir kishi belidagi bombasini portlatgan.

Voqea shaharning al-Zahro tumanida ro'y bergan. Talofatlarning aniq soni hali noma'lum. Mahalliy matbuot 19 odam o'lganini aytsa, faollar 32 kishi nobud bo'lgan, deydi. Himsda oy boshida jang qilayotgan tomonlar sulhga erishganidan beri bu ikkinchi yirik hamla.

Bu orada, BMT vositachiligida sentabrda hukumat va isyonchilar tuzgan kelishuv ortidan uch shahar evakuatsiya qilinmoqda. Xalqaro hamjamiyat yordamida bugun Zabadani shahridan ham oddiy fuqarolar, ham isyonchi kuchlar olib chiqila boshladi. Orasida yaradorlar ham bor. Ular endi Livan orqali Turkiyaga o'tishi, so'ng yana Suriyaga qaytishi kerak. Maqsad, deydi rasmiylar, notinch shaharlardan odamlarni olib chiqib, boshqa shaharlarga joylashtirish. BMT shafeligida tuzilgan bitimning endigi bosiqichi - shaharlarga insonparvarlik yordami yetkazish.

Yana 355 odam shimoli-g'arbdagi qishloqlarni tark etib, qo'shni Livan va Turkiyaga o'tmoqda. So'ng ular yana Suriyaga, Damashqqa qaytishi kerak bo'ladi.

Suriyada qariyb besh yil davom etgan fuqarolar urushi 250 ming odamni hayotdan olib ketdi; millionlab odamlar uy-joyini tashlab qochishga majbur bo'ldi.

BMT Xavfsizlik kengashi 18-dekabr kuni Suriyada tinchlikka erishish rejasini bir ovozdan ma'qullagan edi. 25-yanvar kuni Jenevada muammoga doir xalqaro anjuman o'tishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG