Breaking News

Turkiya AQSh va Rossiyaga: Kurd jangchilarini qurollantirmang


Peshmerga
Peshmerga

Turkiya Qo'shma Shtatlar va Rossiyani Suriyadagi kurd kuchlarini qurollantirmaslikka chaqirmoqda. Ular Turkiyadagi terroristlar bilan aloqada, deya da'vo qiladi rasmiylar.

G'arb "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kurashda kurdlarni muhim ittifoqchi deb biladi. Peshmerga deb atalmish bu kuchlarga xalqaro koalitsiya havodan yordam berib kelmoqda. Shu hafta AQSh samolyotlari Suriyaga o'q-dori kontenteynerlarini tashladi.

"Suriyada jang qilayotgan kurd qo'shinlari Turkiyadagi bo'lginchilar bilan hamkorlik qiladi, bu haqda AQSh va Rossiyani xabardor qilganmiz", - deydi Bosh vazir Ahmet Dovuto'g'li.

Turkiyaga qarshi kurashayotgan guruhlar bilan hech qanday hamkorlik bo'lishi mumkin emas, deya qo'shadi u.

Kuzatuvchilar fikricha, Anqaraning bu ogohlantirishlari amaldagi strategiyani o'zgartirishi amri mahol

"Kurdlar - harbiy jihatdan puxta, G'arbga moyil, dunyoviy bir kuch. Rossiya ham mojaroga aralashib, vaziyat tobora chigallashayotgan bir mahalda AQSh peshmerga bilan aloqani uzmaydi", - deydi tahlilchi Ranj Alaldin.

AQSh-Rossiya muzokaralari

Qo'shma Shtatlar Suriya yuzasidan Rossiya bilan yuqori darajali muzokaralar o'tkazmaydi. Kreml Vashingtonning bu qarorini "konstruktiv emas" deya, tanqid qilmoqda.

Ikkala davlat Suriyada alohida harbiy kampaniya olib borar ekan, to'qnashuvlar ehtimolini pasaytirish va umumiy qoidalarni belgilab olish zaruriyati ta'kidlanadi.

AQSh va Rossiya mulozmlari kecha harbiy parvozlar xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan yana bir video konferensiya o'tkazdi.

O'tgan kunlar mobaynida Suriya armiyasi Rossiya yordamida bir qancha hududlardan isyonchilarni haydab chiqargan. Vashington deydiki, rus harbiylari "Islomiy davlat" guruhini emas, muxolifatni nishonga olmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG