Shayx Yahyo Ismoil Iroqning Anbar viloyatida sunniy bir qabilani boshqaradi. “Amerika Ovozi” muxbirini u qarindoshlari bilan Irbildagi uyida kutib oldi. Badaviylar udmiga ko’ra, qahva bilan mehmon qildi.
“Nimaga biz Daeshga qarshi kurashishimiz kerak? Kim uchun? Eron uchunmi? Yoki Amerika va Yevropa xavfsizligi uchunmi?”, - deya so’raydi oq, zar va qora ranglardagi milliy kiyim kiygan shayx. “Yo’q, biz hech narsa qilmaymiz, sukut saqlaymiz. Eron o’zi kurashsin. Amerika ham o’zi uddalasin. Undan keyin biz hammani ezib tashlaymiz”.
Bundan bir necha yil oldin sunniylar al-Qoidaga qarshi kurashda asosiy rol o’ynagan. Ammo bu gal “Islomiy davlat” (ID) guruhiga qarshi kurashga qo’shilmadi (Arab davlatlarida “Islomiy davlat” o’rniga “Daesh” so’zi qo’llanadi). Vaholanki, ID Mosul, Falluja va Ramadi singari sunniy shaharlarni bosib olgan.
“Amerika Ovozi” muxbiri Ismoil va boshqa shayxlar bilan uchrashish uchun bir necha hafta davomida elektron pochta orqali muloqot qildi, so’ngra qabilalar vakillari bilan soatlab gaplashdi. Uning Iroq tarixi va qabilalar haqidagi bilimini sinovdan o’tkazishdi.
Shayx Ismoil qabilalar IDga qarshi kurasha olmasligi, chunki quroli yo’qligini tan olar ekan, ayni vaqtda dunyo bo’ylab bir milliard sunniy borligini eslatadi.
“To’kilgan qonning har bir tomchisi uchun qasos olamiz”, - deydi u.
Shayx Imad Halil
Shayx Imad Halil muxbirni Irbildagi kichik, ko’rimsiz mehmonxonada kutib oldi.
Iroqning eng katta al-Jaburiy qabilasi a’zosi u. Qabila Iroqning markaziy va shimoliy hududlarida yashagan. ID ularni o’z yeridan haydab chiqardi.
Shayx cho’ntagidan kichik bloknotni chiqarib, o’zi chizgan xaritani ko’rsatadi. Bu sunniylar qochadigan yo’llar sxemasi.
“Odamlar qochmoqchi bo’lsa, asosiy yo’ldan qocholmaydi, chunki uni Kirkuk rahbari berkitib qo’ygan. Odamlar tog’lardan oshishi yoki cho’ldan o’tishi kerak. U yerda suvzislikdan o’ladi. Daeshdan qochayotib, 30 ta oila nobud bo’ldi”, - deydi u.
ID asosan sunniy hududlarda nazorat o’rnatgan. Ular joriy etgan qonun-qoidalarni qabul qilmaganlar qatl etiladi, deydi Halil.
“Ustozimning kallasini olishdi. U jangarilarning fuqarolarga nisbatan munosabatini tanqid qilgan edi. Odamlar yashirinishga, qochishga urinadi. Agar Daesh qo’liga tushsa, kuni bitdi. Qatl etilishi turgan gap”.
Sunniylarning qochish yo’llari
Al-Jaburiy qabilasi ID qo’lida aziyat chekdi, jangarilarga qarshi kurashib keladi.
Sunniylar oldidagi muammo faqat ekstremistlar emas, balki mamlakatni parchalab yuborgan mazhablararo bo’linish ham, deydi Halil.
Bir tomonda - sunniylardan tarkib topgan, ammo mafkurasini ma’qullamayotgan har bir odamni shafqatsizlik bilan o’ldirayotgan “Islomiy davlat”. Boshqa tomonda Eron dastaklayotgan shialar. “Ular uchun eng yaxshi sunniy – o’lik sunniy”, deydi Halil.
Kurdlar boshpanasiz qolgan sunniylarning bir millioni uchun eshiklarini ochdi. Ammo taraflar o’rtasida doim talash bo’lib kelgan Kirkuk shahrida sunniylar ko’payib ketmasligi uchun kurdlar ularni shahardan chiqarib yuborgan holatlar ham bo’ldi.
Halil qo’lidagi sxemada sunniylar neftga boy viloyat poytaxtiga kirishining aylanma yo’llari tasvirlangan. Sunniylar hech qayerga qocholmaydi, deydi u.
“Amerika yechim taklif qilishi kerak. Iroqqa kelib, Saddan Husaynni hokimiyatdan ag’darganida ular hamma muammolarni yechib, keyin ketishi kerak edi”, - deydi shayx.
“Vashington sunniy qabilalar rahbarlarini yig’ib, ular fikrlariga quloq solsin. Sunniylar o’z muxtoriyatiga ega bo’lishi kerak. Shuni Vashington xalqaro hamjamiyatga yechim sifatida taqdim etsin”, - deydi suhbatdosh.
Ammo bu taklif sunniylar orasida birdamlik va yakdillik yo’qligini inobatga olmaydi. Yaqinda Anbar viloyatida qabila yetakchilari o’rtasidagi uchrashuv bir-biriga stul uloqtirish va janjal bilan tugagan edi.
General-mayor Abdul Razzoq Mijbil al-Vaqqa
Kechki payt keksa shayx, Saddam armiyasida xizmat qilgan general-mayor Abdul Razzoq Mijbil al-Vaqqa “Amerika Ovozi” muxbiri bilan uchrashishga rozi bo’ldi.
Zar va oq rangdagi milliy kiyim kiygan Razzoq alohida gaplashishni so’rab, bir qancha qog’ozlarni ko’rsatdi. Ular 2003-yilda Iroqqa bostirib kirganidan beri Vashington yo’l qo’ygan xatolar tarixi edi.
Qabilalar rahbarlari fikricha, sunniylar al-Qoida ustidan g’alaba qozonganidan keyin AQSh Iroqdan chiqib ketdi va qabilalarni tark etdi. Ular esa Eron dastagiga ega shia hukumati qo’lida aziyat chekdi.
Razzoq sunniylarning zaif jihatlarini tilga oladi. “Biz uchun eng katta muammo shundaki, haqiqiy diniy va siyosiy yetakchilarimiz yo’q. Sunniy siyosiy rahbarlar korrupsiyalashgan edi, va shayxlarni ham pul berib buzdi”.
Lekin buning bari - o’tmish. Kelajak esa bir narsaga bog’liq, deydi shayx.
“Amerika nimani istaydi?”