Breaking News

AQSh uchun Suriyada ishonchli hamkor topish oson emas


AQShning sobiq prezidentlari golf bo'yicha Prezident Kubogi musobaqasida tomoshabin. Nyu-Jersi shtati, AQSh
AQShning sobiq prezidentlari golf bo'yicha Prezident Kubogi musobaqasida tomoshabin. Nyu-Jersi shtati, AQSh

Qo’shma Shtatlar Suriya shimolida “Islomiy davlat” jangarilariga qarshi kurashayotgan guruhlarga qurol-aslaha yetkazishni rejalayapti. Ular tarqoq va ishonchga loyiq emas, deya ogohlantiradi tahlilchilar.

AQSh harbiylari taxminan 5 ming jangchidan iborat bu guruhlarni “Suriya arab koalitsiyasi” deb atamoqda. Ularni treningdan o’tkazib, qurol-aslaha bilan ta’minlash qarorini prezident tasdiqlagan.

Aytish joiz, Suriyadagi mo’tadil muxolifatchilarni tayyorgarlikdan o’tkazish bo’yicha 500 ming dollarli o’xshash dastur samara bergani yo’q.

AQSh rejasiga ko’ra, “Suriya arab koalitsiyasi” jihodchilarga qarshi kurashda 20 ming sonli kurd armiyasi bilan hamkorlik qiladi. Turkiyaning Injirlik bazasidagi Amerika samolyotlari quvvatlovida Raqqa shahriga yurish rejalanmoqda. Bu shahar “Islomiy davlat”ning qarorgohi hisoblanadi.

Yangicha yondashuvga sabab - “Islomiy davlat”ga qarshi bir yildan beri davom etayotgan hujumlar sezilarli natija bergani yo’q. Xalqaro bosimga qaramasdan, bu guruh hatto Suriya va Iroqda yangi hududlarni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’lgan.

AQShning so’nggi qarorlari Rossiya Suriyada harbiy harakatlarni kuchaytirayotgan bir paytda qabul qilindi.

Rossiya aralashuvi

Dushanba kuni Rossiya qonunchilari Assad rejimiga yordam o’laroq Suriyaga “ko’ngillilar” batalyonini yuborish rejasini ma’lum qildi.

Maqsad, deydi Rossiya mulozimlari, Amerika belgilagan maqsad bilan bir xil – “Islomiy davlat”ni yo’q qilish. Ammo Rossiya bombalari asosan muxolif guruhlar o’rnashgan Suriya g’arbi va markaziy hududlariga tushayotgani sabab Vashington bu bayonotlarni savolga tutmoqda. “Islomiy davlat” manzillari asosan sharqiy viloyatlarda joylashgan.

Buning oqibatida Oq uy Suriyada arab isyonchilari va kurdlarni qurol bilan ta’minlash ishlarini tezlashtirishga qaror qilgan ko’rinadi.

Suriya arab koalitsiyasi

G’arb va Fors ko’rfazi davlatlari avvaliga Ozod Suriya armiyasi va boshqa oppozitsion guruhlarni qo’llab-quvvatlagan. Bular al-Qoida bilan aloqador al-Nusra fronti bilan hamkorlik qilayotgani ayon bo’lgach, hamkorlik to’xtagan edi.

Bu guruhlar “Suriya arab koalitsiyasi”ni opportunist to’da deb biladi va G’arbdan ularga qurol yetkazilishiga qarshi. Arab isyonchilar biror tomonga sodiq emas, manfaat bor joyga og’ib ketaveradi, deydi ular.

“Ular bir guruhdan boshqaisga o’tib yuradigan jangarilar. Boshqa joylardan haydalgan. Ularga ishonib bo’lmaydi. Biz ularga ishonmaymiz”, - deydi mahalliy qo’mondonlardan biri Abdul Rahmon.

Rossiya harbiy samolyotiga bomba o'rnatilmoqda. Suriya. 3-oktabr 2015-yil
Rossiya harbiy samolyotiga bomba o'rnatilmoqda. Suriya. 3-oktabr 2015-yil

Arablarning kurdlarga ishonmasligi – yana bir muammo. Arablar fikricha, kurdlarning yagona maqsadi Suriya shimoli-sharqida kurd davlatini barpo etishdir.

Guruhlararo ziddiyatlar

Arab jangchilar hamda Ozod Suriya armiyasi kurd qo’shinlaridan arab qishloqlariga kirmaslikni talab qilgan. Yil boshida kurdlar ishg’ol etgan qishloqlardan arab aholi haydab chiqarilgani haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Oradagi ziddiyatlar so’nggi paytlarda kuchaydi.

Iyun oyida Tal Abayad shahri “Islomiy davlat” dan tortib olinganidan keyin shaharni endi kim boshqarishi ustida ham janjal ko’tarilgan edi.

Hozirda “Suriya arab koalitsiyasi”ning 3000 dan 5000 gacha a’zosi bor, kurd armiyasi safida esa 25 ming. Biroq bu raqamlar ham doimo o’zgarib turadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG