Bugun Qohirada Arab Ligasida Suriya masalasi bilan shug'ullanuvchi qo'mita Suriyada bir oy ahvolni kuzatgan missiya hisoboti bilan tanishib, 165 kishidan iborat guruh mandatini yana bir oyga uzaytirib, safini kengaytirishni tavsiya qilmoqda. Bugun ligaga a'zo 22 davlat tashqi ishlar vazirlari majlis qilib, qo'mita tavsiyalarini inobatga olishi kutilmoqda.
Kecha Suriya hukumatiga muxolif Milliy kengash rahbari Burxon G'aliun liga vakillari bilan uchrashib, vatanidagi vaziyatga va missiya ishiga o'z qarashlarini bildirgan. Ma'lumki, Suriya muxolifati guruh faoliyatini tanqid qilib, uni layoqatsizlikda ayblagan.
Suriya prezidenti Bashar al-Assad aholiga nisbatan zulmni bas qilishga, askarlar va og'ir texnikani shaharlardan olib chiqishga va'da bergan edi. Kuzatuvchilar missiyasi va'da ijrosi qanday kechayotganini nazorat qilish vazifasini olgan. Ammo muxolifat nazarida Assad ma'muriyati ularni laqillatib, oldindan tayyorlangan joylarni ko'rsatgan xolos.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Misr Tashqi ishlar vaziri Muhammad Amir bilan telefon orqali bog'lanib, Amerika pozitsiyasini ma'lum qilgan.
Bu o'rtada Suriya armiyasidan qochib, muxolifatga qo'shilgan askarlar Duma shahrini qo'lga kiritgan. Shanba kuni bir necha joyda otishmalar yuz berib, jami 30 ga yaqin odam o'lgani aytiladi. Muxolifat Arab Ligasidan kuzatuvchilar missiyasini bekor qilishni so'rab, Suriyaga chetdan qo'shin kiritishda BMTga murojaat etishga da'vat etmoqda.