IROQ
Iroq poytaxti Bag'dodning asosan shialar yashaydigan mahallalarida to'rt xuruj sodir etilib, kamida 13 odam o'lgan, 70 dan ziyodi jarohat olgan. Birinchi portlash Sadr tumanida yangrab, sakkiz ishchi nobud bo'lgan. So'ng shu atrofda yana bir bomba portlab, ikki odam o'lgan. Qolgan ikki xuruj esa shaharning shimoliy qismida ro'y bergan. So'nggi bir oyda shialarga qarshi hujumlarda mamlakat bo'ylab 100 dan ziyod odam o'lgan.
Shia Bosh vazir Nuri al-Malikiy bunga ayrim sunniy arboblar aloqador desa, parlamentdagi Iroqiya sunniy fraksiyasi Malikiyni butun hokimiyatni shialarga berib qo'yganlikda ayblamoqda.
ERON
Yevropa Ittifoqi ketidan Avstraliya ham Eron neftini sotib olishdan bosh tortmoqda. Tashqi ishlar vaziri Kevin Radning aytishicha, Avstraliya Eron Markaziy Bankiga sanksiya qo'yadi.
G'arb Eronni yadro quroli ustida ishlayotganlikda ayblab, sanksiyalar orqali atom dasturini moliyadan ayirmoqchi, ammo islomiy respublika dastur elektr quvvatini olish va tibbiy izlanish uchun kerakligini aytadi.
Eron bilan shartnomasi bor Yevropa Ittifoqi a'zolariga 1-iyulgacha bitimni bekor qilish buyurilgan. Ungacha esa Gretsiya kabi davlatlar yangi ta'minotchilarni topishi kerak bo'ladi.
Yevropa Ittifoqi Eron Markaziy Bankining qit'adagi hisob raqablarini ham muzlatib, islomiy respublikadan oltin va boshqa rangli metallarni sotib olishni ham to'xtatishga qaror qildi.
SURIYA
Fors ko'rfazi hamkorlik kengashiga a'zo davlatlar va Arab Ligasi kuzatuvchilarini Suriyadan chiqarmoqda. Kecha Saudiya Arabistoni rasmiy Damashq mamlakatda zo'ravonliklarni bas qilish va'dasiga rioya qilmayotganidan norozilik bildirib, o'z vakillarini kuzatuvchilar tarkibidan chaqirib olgan edi. Kengashga a'zo Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Qatar, Quvayt va Ummon ham shu qarorga kelgan.
Arab Ligasi Suriya prezidenti Bashar al-Assadni iste'foga chiqib, hokimiyatni Yamanda bo'lgani kabi o'rinbosariga topshirishni so'ragan. Ammo rasmiy Damashq liga talabini inkor etdi.
Tashkilot BMT Xavfsizlik Kengashidan tashabbusni qo'llab-quvvatlashni so'ramoqchi. Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim liga rejasini "fitna" deb atagan.
Kecha Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Suriyaga qo'shimcha sanksiya qo'yib, Assad hukumatiga aloqasi bor yana 22 odam va sakkiz kompaniya mulklarini muzlatishga va Yevropaga kirishini ta'qiqlashga qaror qilgan.