BMT maxsus vakili Staffan de Mistura Suriyada tinchlik istiqboliga doir Jenevada o'tayotgan muzokaralarda tanaffus e'lon qildi. Uning aytishicha, tanaffus uch hafta davom etishi mumkin.
De Mistura hafsalasi pir yoki nochor emasligi, balki qat'iyat bilan real vaziyat asosida ish tutmoqchi ekanini aytadi.
Saudiya Arabistoni qo'llab-quvvatlovini olgan Suriya muxolifati mamlakatda gumanitar ahvol ijobiy tomonga o'zgarishi, fuqaro manzillarini bombardimon qilish hollarini tugatish, shaharlar qamalini bas qilib, insonparvarlik yordami kirishiga imkon yaratishni talab qilmoqda. Shunday keyingina muzokaraga qaytamiz, deydi oppozitsiya.
Amerika Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbi kecha, chorshanba kuni Rossiyaning Suriyada olib borayotgan harbiy havo hujumlarini tanqid qildi. Uning aytishicha, Suriya Prezidenti Bashar al-Assad tomonini yoqlayotgan Rossiya kuchlari "Islomiy davlat" jangarilarini nishonga olish o'rniga, tinch aholi manzillariga o'q yog'dirayapti.
Bu havo hujumlari tinchlik muloqoti siljishiga ham halaqit berayapti, deydi Kirbi.
Rossiya yordamida Suriya armiyasi shu hafta Halab shahri yaqinidagi ikki qishloqni isyonchilardan tortib olgan. Bu hudud 2012-yildan beri muxolif kuchlar qo'lida edi. Mazkur xabar Assad qo'shinlari uchun yirik g'alaba sifatida ko'rilmoqda.