Breaking News

Shveysariyada Suriya tinchlik anjumani boshlandi


Suriya tashqi ishlar vaziri Valid Muallim tinchlik anjumani paytida, Montre, Shveysariya, 22-yanvar, 2014-yil
Suriya tashqi ishlar vaziri Valid Muallim tinchlik anjumani paytida, Montre, Shveysariya, 22-yanvar, 2014-yil
Bugun Shveysariyada Suriya tinchlik anjumani ochildi. Unda 30 dan ziyod mamlakat rasmiylari qatnashmoqda.

Montre shahrida o’tayotgan konferensiyada qatnashayotgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, mojaroga barham berish yo’llarini topish oson bo’lmaydi, ammo tadbirda Suriya hukumati va muxolifatining qatnashayotgani vazifani osonlashtiradi.

"Xalqning uch yillik azob-uqubatlariga chek qo’yish uchun oz bo’lsa-da, ammo umid bor. Barcha tomonlar mojaroga siyosiy yechim topish maqsadida ilk bor bir stol atrofiga to’plandi", - dedi bosh kotib.

Pan Gi Munning aytishicha, tomonlar mamlakatini halokatdan saqlab qolish uchun bu imkoniyatdan foydalanishi zarur.

Anjumanda so'zga chiqqan hukumat va muxolifat vakillari achchiq so'z almashdi. Suriya Milliy koalitsiyasi rahbari Ahmad Jarba Damashqdagi rejimni urush jinoyatlarida ayblab, Assadga muvaqqat hukumatda o'rin yo'q, dedi.

Suriya tashqi ishlar vaziri Valid Muallim esa terrorchilar harakati va xorijiy davlatlar aralashuvi tufayli mamlakatda parchalanmoqda, dedi.

BMT rahbari undan nutqini tugatishni so'raganida Muallim uning bu iltimosini rad etib:

"Siz Nyu-Yorkda turasiz, biz esa Suriyada yashaymiz. Uch yillik azob-uqubatlardan so'ng qonli voqealarning hukumat talqinini bu forumda bildirishga haqliman", dedi.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri muxolifat tarafini olib, uch yildan beri davom etayotgan mojaroni boshlaganlikda Suriya hukumatini aybladi. Uning aytishicha, askarlar 2011-yil bahorida tinch namoyishchilarni o’qqa tutgan edi.

"Rasmiy Damashq va muxolifat Assadning bo’lajak hukumatdagi roli bo’yicha kelisha olmas ekan, Suriya rahbari lavozimini bo’shatishi kerak. O’z xalqiga qarshi zulm o’tkazgan odamning davlatni boshqarishga haqqi yo’q", - dedi AQSh rasmiysi.

Valid Muallimning anjumanda aytishicha, buni xalqning o’zi hal qiladi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko’ra, boshqa davlatlar Suriya ichki ishlariga aralashmasligi kerak.

"Muvaqqat hukumatni tuzish jarayonida barcha tomonlar qatnashishi kerak", - dedi Lavrov.

Assadni xushlamaydigan Saudiya Arabistoni vakili Eron va Hizbulloh askarlarini Suriyadan olib chiqishi lozim, dedi. Suriya hukumatining eng yaqin ittifoqchisi Eron anjumanga taklif etilmagan.

Juma kuni Suriya hukumati va muxolifati vakillari BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili Laxdar Braximiy vositachiligida muzokaralarni boshlaydi.

Kerri muloqot silliq o’tmasligini tan oldi.

"To’qqiz million qochqinni uyiga qaytarish, tinch hayotni tiklash, yangi rahbariyatni tanlash uchun tomonlarda nafaqat imkoniyat, balki majburiyat ham bor", - dedi Kerri.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG