Breaking News

BMT Suriya bo'yicha tinchlik muzokaralari o'tkazishni taklif etmoqda


BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakil Staffan de Mistura
BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakil Staffan de Mistura

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Xavfsizlik Kengashidan maxsus vakil Staffan de Misturaning Suriya bo'yicha yangi tinchlik muzokaralarini o'tkazish taklifini qo'llab-quvvatlashni so'ramoqda.

Bosh kotib kecha kengash majlisida qatnashib, zo'ravonliklarni to'xtatishga qaratilgan oldingi rezolyutsiyalarning ish bermaganidan afsusda ekanini aytdi.

"To'rt yildan ortiq davom etayotgan qirg'in xalqaro hamjamiyatning xatosi va undagi kelishmovchiliklarni aks etadi. Dahshatli jinoyatlar har soatda sodir etilmoqda, inson huquqlarining poymol etilishi uchun hech kim javob bermayapti", - dedi Pan Gi Mun.

Unga ko'ra, de Mistura suriyaliklarga muzokara qilish imkoniyatini taklif etmoqda.

2012-yilda Jenevada Xavfsizlik Kengashi bir ovozdan qabul qilgan bayonotda Suriyada Prezident Bashar Assad ishtirokisiz muvaqqat hukumat tuzish rejasi olqishlangan edi.

Pan Gi Munning aytishicha, Jeneva bayonoti Suriya mojarosiga siyosiy yechim topishga qaratilgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan yakdillik bilan tan olingan yagona hujjatdir.

De Mistura ikki oydan ortiq davr mobaynida Suriyadagi turli kuchlar bilan gaplashishga muvaffaq bo'ldi.

Suriyalik siyosiy kuchlarni bir anjumanga to'plab, turli guruhlarga bo'lib, Jeneva bayonotini muhokama etishga va uning doirasida tinch aholini himoya qilish, siyosiy va konstitutsion masalalar bo'yicha fikr almashish, vayron bo'lgan infratuzilmani qayta qurishga da'vat etmoqchimiz, deydi BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakili.

Muzokaralar sentabr oyida boshlanishi mumkin, biroq jarayonda kimlarning ishtirok etishi xususida hozircha ma'lumot yo'q. Suriyaning BMTdagi elchisi Bashar Jaafariy taklif o'rganib chiqilishini ma'lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG