Breaking News

BMT: Halab o'lim zonasiga aylanmoqda


Halab, Suriya
Halab, Suriya

BMT rasmiysi Suriyaning Halab shahri "o'lim zonasi"ga aylangani, hududda o'tgan oy 400 odam qirib yuborilgani haqida ogohlantirdi. Shaharda bir oyning o'zida salkam 2 ming kishi mayib-majruh bo'lgan.

BMTning gumanitar masalalar bo'yicha rasmiysi Stiven Obrayen chorshanba kuni Xavfsizlik Kengashida so'zladi. Uning aytishicha, sharqdagi Halabda oltita kasalxona, qariyb 30 nafar shifokor qolgan. Shaharda yana 250 ming odam yashaydi.

Obrayenning so'zlariga ko'ra, Halabda 11 dona tezyordam mashinasi bor, xolos. Yopinchiqlar yo'q, bemorlar uchragan kiyim kechak bilan yopinishga majbur.

"Har oy shu minbarda so'zga chiqib, Suriyada ro'y berayotgan xunrezlik va vayronagarchilik haqida hisobot berib kelaman. Ahvol kun sayin og'irlashib borayapti. Mening vazifam raqamlarni bayon etishdir. Biroq ichdan g'azabim qaynab borayapti. Oylar o'tib bormoqda, ammo urushni bas qilish uchun biror chora ko'rilayotgani yo'q", - deydi Stiven Obrayen.

U Suriyadagi qon to'kilishlariga barham berilmayotganida Xavfsizlik Kengashini aybladi.

Suriya va Rossiya o'tgan hafta Halabdagi otishmada tanaffus e'lon qilgan, og'ir jarohat olgan va kasalmand odamlar evakuatsiya qilinishi, gumanitar xodimlar shaharga yordam olib kirishi uchun imkon yaratgan edi.

Rossiya o'zining veto huquqini ishga solib, BMT Xavfsizlik Kengashida Suriyadagi urushni tugatishga doir choralarni to'xtatib kelmoqda.

BMT Bosh Assambleyasi Xavfsizlik Kengashini aylanib o'tuvchi maxsus chorani ishga solish ustida o'ylanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG