Breaking News

Rossiyaning ulkan harbiy kemasi Suriya tomon suzmoqda


"Admiral Kuznetsov" avianosetsi hozirda Suriya tomon suzmoqda
"Admiral Kuznetsov" avianosetsi hozirda Suriya tomon suzmoqda

Rossiya yaqingacha o'zining eng yirik harbiy kemasini ishga solmagan edi. "Admiral Kuznetsov" avianosetsi hozirda Suriya tomon suzmoqda. Yevropa davlatlari safarni yaqindan kuzatmoqda. Kremlning bu qarori NATO va G'arbning tanqidlariga javob sifatida qabul qilinmoqda.

"Rossiya - kuchli davlat va buni ko'rsatishdan tortinmaydi", - deydi Viktor Mizin, Moskva Xalqaro aloqalar instituti tahlilchisi. "Federatsiya o'z bisotidagi eng qudratli vositasini Yaqin Sharqqa yo'llab, hech kimdan qo'rqmasligini namoyon etmoqda".

"Admiral Kuznetsov" harbiy samolyotlar tashishga ixtisoslashgan bo'lib, Rossiyaning yagona avianosetsidir. Unga atom energiyasi bilan quvvatlangan "Buyuk Pyotr" raketali kreyseri, harbiy kemalarga qarshi ishlatiluvchi jangovar kemalar hamda suvosti kemalari hamrohlik qilmoqda. Flotiliya Suriya sohillarida vaqtincha qo'nim topadi, missiya muddati 4-5 oy. "Admiral Kuznetsov" 1991-yildan beri ishga solinmagan.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg avianosets Halab aholisiga qarshi ishlatilishi mumkin deya ogohlantirmoqda. Suriya rahbari Bashar Assad Halabni isyonchi kuchlardan tortib olishga urinmoqda. Rus harbiylari unga bunda madad ko'rsatmoqda.

Moskvadagi ayrim ekspertlar fikricha Kremlning bu harakati aqlsizlikdir.

"O'rta dengiz orqali shunday bahaybat vositani jo'natishga aslida hojat yo'q. Xuddi sichqonni o'ldirish uchun tirannozavrni yuborgandek gap. Samarasi nima bo'ladi? G'irt ahmoqlik",- deydi siyosatshunos Pavel Felgengauer.

Suriya mojarosi negizini tushungan tomon, deydi olim, yirik qurollar safarbar etmaydi. Tinchlikka yo'l muzokara orqali ekani yillardan beri ayon.

Halab ahli azobda
Halab ahli azobda

Rossiya Assadga qarshi kurashayotgan guruhlarni aholiga oziq-ovqat o'tkazmayotganlikda ayblamoqda. G'arb nazarida esa Rossiya Suriyada urush jinoyatlarini sodir etish bilan band. Begunoh odamlar nishonda, deydi rasmiylar.

Moskva va Damashqning maqsadi AQSh prezident saylovlariga qadar, ya'ni 8-noyabrgacha, Halabni butkul qo'lga olish.

Obama ma'muriyatidan biror o'zgarish kutib bo'lmaydi, uning kuni bitmoqda, deydi Kremldagi maslahatchilar.

Biroq Suriyadagi urush ham Halabni isyonchilardan tortib olish bilan bitmaydi.

Bu orada Turkiya Suriya shimolida o'ziga nisbatan tahdid deb bilgan kuchlarni nishonga olmoqda.

Kreml Iroqda Musulni "Islomiy davlat"dan tortib olish uchun ketayotgan operatsiyani ham qoralamoqda.

"Aslida Kreml Assad g'alaba qilishiga ishonmaydi, lekin Halabni qo'lga kiritsa, G'arb va muxolifat bilan muzokarada qo'li baland bo'ladi degan fikrda", - deydi siyosat bilan tanish mutaxassislar.

Suriyani birlashtirish, tinchlantirish qiyin, deydi moskvalik tahlilchi Viktor Mizin, ammo Kreml o'z kuchini ko'rsatishga urinadi, bu noyob imkoniyat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG