Breaking News

Emomali Rahmon yana yetti yilga prezidentlikka saylandi


Tojikistonda o’tgan prezident saylovlarining dastlabki natijalari e’lon qilindi. Ko’pchilik kutganidek, amaldagi prezident Emomali Rahmon eng ko’p ovoz bilan mutlaq g’olib bo’lib chiqdi.

Saylov va referendumlarni o’tkazish markaziy komissiyasi raisi Shoyon Shermuhammd amaldagi rahbar ovozlarning 83 foizini qo’lga kiritganini ma’lum qilgan.

Saylov tinch o’tgan bo’lsa-da, xalqaro kuzatuvchilar fikricha aholiga tom ma’noda saylash va tanlash imkoniyati berilmadi. Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga ko’ra, Emomali Rahmonning kampaniyasi axborot vositalarida keng yoritilgani uning ustunligini ta’minlagan.

Mamlakatni 1992-yildan beri boshqarib kelayotgan Rahmon yana yetti yillik muhlatga saylandi.

Hukumat ta’rifi bilan aytganda, saylov yuqori ko’tarinkilik va xalqning yuksak siyosiy faolligi bilan o’tgan. Unda xalq orasida unchalik tanilmagan yana besh kishi ishtirok etdi va birortasi yetti foizlik ko’rsatkichdan o’tmagan.

Shunday bo’lishi ham tabiiy edi, negaki, arzandamiz shu edi, deydi tarix o’qituvchisi Akbar Qudratov.

“Zamonimiz tinch bo’lsa bo’ldi, janobi oliydan boshqa nech qaysisini tanimasdik. Islom partiyasi bizga nima zarur, orqaga ketishimiz kerakmi? Oldinga yurish kerak, boykotlardan xabarimiz yo’q”, - deydi u.

Respublika saylov markaziy komissiyasining bildirishicha, alternativ nomzodlardan faqatgina Kommunistik partiya vakili Ismoil Talbakov 5 foiz ovoz olgan, qolgan to’rt nomzod bir foizdan to’rt foizgacha.

Jarayonni kuzatgan 5700 dan ortiq xalqaro va mahalliy mutaxassislar kuzatishdi. Aksariyati fikricha, prezidentlik saylovi demokratik tarzda va umumxalq ishtirokida uyushqoqlik bilan o’tgan.

Uni boykot qilgan muxolifat a’zolari saylovoldi kampaniyasi tenghuquqlik asosida o’tmagani va xalq tanlab ovoz berishdan mahrum bo’lganini ta’kidlashadi.

“Televidenine, radio, ommaviy axborot vositalari ozod bo’lishi kerak edi. Hur fikr bo’lmaganidan so’ng xalq qanday qilib ozod ovoz bera oladi? Ular bir shaxs uchun ishladi, adolat bo’lmadi”, - deydi muxolifat vakili.

Diniy idoralar vakillari esa qanday tuzum bo’lmasin, adolat va tinchlik bo’lsa bizga bas deyishadi. Qori Habibulloxon saylovda qatnashmoqchi bo’lgan muxolifatni yaxshi bilmasligini aytarkan, islomga erkinilk bo’lsa bo’ldi, deydi.

“Biz muslulmonlarga faqat adolat kerak, islomga ekinlik kerak. Shu bo’lsa biz Allohga hamd aytamiz, bizni biror shaxs yoki tuzum qiziqtirmaydi. Odillik, tinchlik-barqarorlik bo’lsa, biz shuning tarafdorimiz”.

Ovoz berishda ishtirok etganlarning 35 foizi saylov natijasiga befarq ekanini bildirgan.

XS
SM
MD
LG