Breaking News

Muxolifat: Tojikiston rahbari Emomali Rahmon vaqtida ketgani ma’qul


Tojikistonda prezident sayloviga olti oy qolgan bo’lsa-da, amaldagi rahbar Emomali Rahmon saylovda qatnashishi haqida rasman aytganicha yo’q.

Respublikada muxolif kuchlar faollashgan. Tojikiston Islom uyg’onish partiyasining saylov bo’yicha Sug’d viloyat ma’sul xodimi Mirzoqul Hojimatov partiya raisi o’rinbosari Muhammadali Hayitning noma’lum kishilar tomonidan kaltaklab ketilishi haqida shunda deydi:

Tojikistonda prezident saylovlari haqida/Ravshan Shams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:55 0:00
Yuklab oling

“Haqiqatan, Muhammadali Hayit taniqli figuralardan edi. Kimning oldida bo’lsa ham haqiqatni oshkor aytadigan jasur birodarlarimizdan edi. Bu yilgi anjumanda partiya nomidan prezidentlik uchun nomzodi ko’rsatilishi mumkin bo’lgan kishilardan edi. Uning kaltaklab ketilishini saylovga bog’lash mumkin”.

Hojimatov fikricha, bu hujum hukumat tomonidan uyushtirilgan deb 100 foiz kafolat berib bo’lmaydi. Ehtimol, deydi u, partiyaning hukumat bilan munosabatlarini yomonlashtirish yoki mamlakatdagi vaziyatni keskinlashtirish uchun uchinchi - ichki yoki xorijiy kuchlar qilgan ish bo’lishi mumkin.

“Bu aniqki, o’ldirish uchun qilingan”, - deydi u.

Tojikiston umummilliy sotsial-demokratik partiyasi faollaridan birining aytishicha, mamlakatda saylov yilida qator shaxslar va tashkilotlarga nisbatan bosimlarning zamirida saylov yotadi. Shu yo’l bilan hukumat iqtidorli kishilar siyosatga chiqishining oldini olmoqda, deydi muxolif partiya faoli.

Mahalliy ekspert, rusiyzabon jurnalist Xayrullo Mirsaidov Rahmon o’z iqtidor va imkoniyatlarini ishlatib bo’lgan shaxs, uning o’z vaqtida lavozimidan ketgani ma’qul, deb biladi. Keyingi yillarda Tojikiston oldinga yurmayapti, biz faqat qarz olamiz, shuning ortidan qandaydir ishlar qilinmoqda, buni iqtisodchilar ham, siyosatchilar ham ta’kidlashmoqda, deydi u.

“Tojikiston hozir yangi va layoqatli yosh kadrlarga muhtoj, respublikaga yangi reformator shaxs zarur, bo’lmasa birgina Rossiyaning migrantlarga nisbatan siyosati bilan mamlakatga qaytishi mumkin bo’lgan muhojirlarning o’zi hukumatni ag’darishi mumkin”, - deydi u.

Resublika kommunistlari hukmron Xalq demokratik partiyasidan prezident bo’lgan Rahmonga qarshi chiqmasa-da, uning ba’zi namoyandalari prezidentning maorif, sog’liqni saqlash va ijtimoiy sohalardagi ichki siyosatini ma’qul ko’rmaydi. Kommunist o’qituvchi Karimiyning aytishicha, ziyolilar va yosh talabalar orasida norozilik kuchli.

Hojimatov fikricha, ayni obro’si yuksak vaqtda Rahmonning o’z ixiyori bilan mansabidan ketishi unga tarixiy shuhrat keltirishi mumkin.

“Ko’p sohalarda tanqid qilishmoqda, kamchiliklar bor deyishmoqda. Yangi kadr kelsa, dunyoda ham Tojikistonning siyosiy obro’si ko’tarilardi, ham amaldagi prezidentning. U tarixiy missiyasini ado etib bo’ldi, nomzodini qo’ymasa tarixda nomi qolardi”.

Nomi tilga olinishini istamagan prezident partiyasi faollaridan biri mamlakatda Emomalidan a’loroq o’zga nomzod yo’q deb biladi.

Niderlandiyada yashayotgan muxolifatchi, o’zini Badriddin deb tanishtirgan suhbatdosh saylovda Rahmon yutsa ham, yutqazsa ham, biz yutamiz, chunki xalq qo’zg’alish arafasida turibdi, deydi.

Ba’zi mahalliy kuzatuvchilar nazarida hukmron partiya ham, amaldagi prezident ham respublikadagi vaziyatga real baho berishmayapti.
XS
SM
MD
LG