Breaking News

Chegara bilmas shifokorlar silning og'ir turidan ogohlantirmoqda


Hindistonlik shifokor silga chalingan bemorni tekshirmoqda, Allohobod, Hindiston, 24-mart, 2014-yil.
Hindistonlik shifokor silga chalingan bemorni tekshirmoqda, Allohobod, Hindiston, 24-mart, 2014-yil.
“Chegara bilmas shifokorlar” tashkilotining ogohlantirishicha, sil kasalining doriga chidamli turi global tahdidga aylangan. Xastalanganlar soni ortib bormoqda, ammo samarali davo usullari yo’q, deyiladi xalqaro tashkilotning yangi hisobotida.
“Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti “Eski kasallikning yangi yuzi” nomli hisobot e’lon qildi. Muammoni bartaraf etish uchun zudlik bilan chora ko’rish kerak, deydi tashkilot rasmiylari.

“Tajribamizda shuni ko’ryapmizki, silning doriga chidamli turi borgan sari ko’proq mamlakatlarda va kengroq ko’lamda kuzatilmoqda,” - deydi doktor Filip Dyu Kros.

Har yili silning yangi turiga 500 ming odam chalinadi. Doktor Dyu Krosning aytishicha, silning oddiy turiga qarshi kurashning o’zi juda mushkul, dorilarga chidamli yangi xastalik esa vaziyatni yanada og’irlashtirmoqda. Buni u Markaziy Osiyoda xastalangan bir yosh qiz misolida shunday tushuntiradi:

“Bir yil davolansa ham bolaning ahvoli o’nglanmadi. Ko’p dori ichganidan har kuni qayt qiladigan bo’lib qoldi. Hatto bir dori ta’siridan eshitish qobiliyatini yo’qotdi. Har kuni yetti xil dori qabul qilardi. Shuncha davolanishiga qaramay, unda biror ijobiy o’zgarish bo’lmadi”, - deydi “Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti vakili.

Dyu Krosning aytishicha, bemorlar davolanishni oxirigacha yetkazmasa, sil bakteriyalari dorilar ta’siriga moslanib oladi. Bu qashshoq o’lkalarda, ayniqsa, ko’p kuzatilmoqda, deydi shifokor.

“Bu global muammo. Butun jahon hamjamiyati jiddiy e’tibor berishi kerak. Nafaqat biz yoki Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga o’xshagan xalqaro uyushmalar, balki hukumatlar, dori ishlab chiqaruvchi kompaniyalar hamda ta’lim dargohlari ham qayg’urishi kerak. Turli joylarda mustaqil tashabbuslar ilgari surilayotgan bo’lishi mumkin, lekin global miqyosda birlashib, muammoga yechim izlashimiz kerak”, - deydi Dyu Kros.

Agar global darajada jiddiy va tezkor chora ko’rilmasa, oqibati yomon bo’ladi, deya ogohlantiradi doktor Dyu Kros.

“Masalan, 90-yillar boshida AQShda silning doriga chidamli turi paydo bo’lgan edi. Kasallik yuzlab bemorlarda aniqlangach, davlat sog’liqni saqlash dasturi doirasida kasallikni yo’q qilish uchun bir milliard dollarga yaqin mablag’ sarfladi. Biz o’rganayotgan mamlakatlarda esa bemorlar soni AQShda kuzatilgan miqdordan ancha ko’p. Muammoning oldini olish uchun ertaroq harakat qilmasak, bu raqam bir necha bor ko’payib, dahshatli miqdorga yetadi”, - deydi shifokor.

“Chegara bilmas shifokorlar”ga ko’ra, kasallik havo orqali tez tarqalishi bois uning dunyoga solayotgan xavfi jiddiy qabul qilinishi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG