Breaking News

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti silning doriga chidamli turidan ogohlantirmoqda


Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, davolash va tashxis qo’yishdagi muvaffaqiyatlar tufayli dunyo bo’ylab sil kasalligiga chalinayotganlar va undan nobud bo’layotganlar soni bir necha millionga kamaygan. Ammo kasallikning dorilarga chidamli turi nazorat ostiga olinmasa, erishilgan bu muvaffaqiyatlar boy berilishi mumkin.
Silga qarshi kurash: yutuqlar va muammolar, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:30 0:00
Yuklab oling
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, 2012-yilda 8,6 million odam silga chalinib, bemorlarning 1,3 millioni vafot etgan. Shulardan 320 mingi SPID bilan ham xastalangani aniqlangan. Tashkilot hisobiga ko’ra, raqamlar yirik, ammo kasallikka qarshi barqaror kurash davom etayotganini ko’rsatadi.

Yaqinda e’lon qilingan hisobotga ko’ra, 1995-yildan beri muvaffaqiyatli davolash usullari joriy etilishi oqibatida sil bilan kasallangan 22 million odamning hayoti saqlab qolingan. 1990-yildan beri o’lim hollari 45 foizga kamaygan. BMTning “Ming yillik taraqqiyot maqsadlari” dasturi doirasida 2015-yilgacha sil qurbonlari sonini teng yarmiga qisqartirish ko’zda tutilgan. Hozirgi mavjud raqamlar shu maqsadga erishishga juda yaqin turganini ko’rsatmoqda.

Ammo tuberkulyozning dorilarga chidamliligi bilan ajralib turuvchi turini nazorat ostiga olish qiyin kechmoqda. Bu yo’ldagi urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, erishilgan barcha yutuqlar boy beriladi, deydi Sog’liqni saqlash tashkiloti rasmiylari.

Kerin Veyer tashkilotning silga qarshi kurashuvchi laboratoriyalar va diagnostika markazini boshqaradi. Uning aytishicha, yana bir muammo bu kasallik bilan og’riyotgan, ammo hanuz ro’yxatga olinmagan salkam uch million odamni topishdir.

Har yili doriga chidamli sil turi bilan og’rigan 450 ming bemorning to’rtdan uch qismi ro’yxatga olinmayapti, deydi u.

“Silning bu turi havo orqali tarqaladi. Agar bunday kasallarni aniqlab, davolamasak, oqibati nafaqat bemorlarning o’zi uchun, balki butun jamiyat va aholi uchun xatarli bo’ladi. 2012-yilda vaziyat yanada og’irlashganiga guvoh bo’ldik. Kasallanganlarning soni oshyapti, shu bilan birga, ularning ko’pi kerakli davo choralarini olmayapti”, - deydi Veyer.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, silning doriga chidamli turi eng ko’p uchraydigan 24 mamlakatning boshida Xitoy, Hindiston va Rossiya turibdi. Muolaja kamida ikki yilga mo’ljallangan. Shuningdek, jarayon juda qimmat bo’lib, buning ustiga, bemor sog’lig’i uchun kutilmagan oqibatlarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois ko’plab bemorlar davolanishni ortga suradi.

Dunyoda jami sil bilan kasallanganlarning 80 foizi 22 davlatda yashaydi. Ushbu mamlakatlarning yettitasi “Ming yillik taraqqiyot maqsadlari” dasturi doirasida 2015-yilgacha qo’yilgan rejani bajargan. Yana to’rttasi shunga yaqin turibdi.

Doktor Veyerning aytishicha, vaziyat og’ir bo’lgan davlatlarning aksariyati Afrikada joylashgan.

“Agar Afrika sil muammosini hal etib, ayniqsa, doriga chidamli turini nazorat ostiga ololsa, biz Sharqiy Yevropada ham bu borada muvaffaqiyatga erisha olamiz. Afrika mamlakatlarini muammoga jiddiy yondashishga chaqirib kelyapmiz. Chunki SPID epidemiyasiga endi sil epidemiyasi ham qo’shiladigan bo’lsa, bu katta falokat bo’ladi”, - deydi u.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tuberkulyozga qarshi kurashning muhim pallasida turganini aytadi. Unga ko’ra, kasallikka qarshi kurashni davom ettirish va erishilgan yutuqlarni saqlab qolish uchun yana qo’shimcha ikki milliard dollar kerak. Tahskilot bu borada xalqaro hamjamiyatni yordam qo’lini cho’zishga undab keladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG