Breaking News

Uch AQSh senatori Turkiyaga "F-35" samolyotlarining topshirilishiga qarshi


"F-35" qiruvchi samolyotlari
"F-35" qiruvchi samolyotlari

Uch AQSh senatori Turkiyaga "F-35" qiruvchi samolyotlarini topshirish haqidagi kelishuvni to'xtatishga oid qonun loyihasini taqdim etdi.

Respublikachilar Jeyms Lankford, Tom Tillis va demokrat Jin Shahin tayyorlagan qonun AQSh va Turkiya aloqalari sovuqlashgan bir paytga to'g'ri keldi.

Uch senator e'lon qilgan bayonotga ko'ra, Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog'an qonun ustuvorligini pisand etmasdan, o'zboshimchalik bilan hukmronlik qilish yo'lidan bormoqda va shu bois ularga yuqori texnologiyali qurol-yarog'ni bermaslik kerak.

"Turkiyaning strategik qarorlari borgan sari ko'proq AQSh manfaatlaridan uzoqlashib va hatto ularga qarshi bo'lib bormoqda. Shu bois "F-35"ning nozik texnologiyasini va eng so'nggi imkoniyatlarni Erdog'an rejimiga topshirish juda qaltis ish", - deydi senator Lankford.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an

2016-yil iyul oyida yuz bergan muvaffaqiyatsiz harbiy to'ntarishdan so'ng Erdo'gan favqulodda holat e'lon qilgan; shundan beri o'n minglab odamlar hibsga olingan edi. Davlat idoralardagi to'ntarish tarafdorlarini topish maqsadida yana yuz minglab odam ishidan haydaldi. Isyonchilarga aloqador ko'rilgan ko'plab jurnalistlar ham qamoqqa tashlandi.

Suriya va Iroqda "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda Turkiya Vashingtonning yaqin ittifoqchisi, ammo AQShning kurdlarni qo'llab-quvvatlayotganidan keskin norozi.

Turkiyaga harbiy texnika sotilishini to'xtatishga chaqirayotgan senatorlar Anqara tomonidan Turkiyada hibsda ushlab turilgan ruhoniy Endryu Branson ishini ham tilga oldi.

"Prezident Erdog'anning odamlarni garovga olishi, begunoh amerikaliklarni qamoqqa tiqishi va AQShga qarshi ta'sir o'tkazishga urinishi o'ta nomaqbul va noqonuniy ish", - dedi Shahin bayonotda.

Turkiya AQShdan 100 dona "F-35" qiruvchi samolyotlarini sotib olishni rejalayapti.

Texnikaning ayrim qismlarini ishlab chiqarishga Turkiya kompaniyalari ham jalb etilgan. Ilk samolyot bir yil ichida yetkazib berilishi kerak.

Qonunchilar olg'a surayotgan hujjatga ko'ra, Turkiyaga samolyotlarni yetkazib berish cheklanishi hamda bu texnikani tuzatish va saqlash uchun kerak bo'ladigan texnik va intellektual mulk ma'lumotlari topshirilmasligi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG