Juma kuni Tramp ma'muriyatining xavfsizlik masalalariga mas'ul rasmiylari prezident bilan Afg'onistonga doir yangi strategiyani muhokama qilgan.
Majlisda qatnashgan Mudofaa vaziri Jim Mattis muhokama tafsilotlarini ochiqlamadi, ammo Tramp ma'muriyati 16 yillik urushga barham berish yo'lini topganini aytdi.
Majlis AQSh prezidentining Merilend shtatidagi "Kemp Deyvid" qarorgohida o'tgan. Unda vitse-prezident, Mudofaa vazirligi rasmiylari, generallar va boshqa mulozimlar qatnashgan.
Prezident Tramp matbuot kotibi Sara Xakabi Sandersning aytishicha, yangi strategiyada AQShning Janubiy Osiyodagi manfaatlarini himoya qilishga katta urg'u beriladi va bu siyosat yaqin o'rtada e'lon qilinadi.
Qo'shma Shtatlar bu mintaqadagi siyosatini ham qayta ko'rib chiqmoqda. AQSh Afg'onistonga qo'shimcha askar yuboradimi yoki qo'shinlarini u yerdan butunlay chiqarib, ularning o'rnini xususiy xavfsizlik kompaniyalarining yollanma jangchilari egallaydimi? Mutaxassislar har ikki ehtimol haqida gapirmoqda, ammo Tramp ma'muriyati qanday qarorga kelishi hozircha ma'lum emas.
AQSh va NATOning ko'p yillik moliyaviy va amaliy yordamiga qaramay, afg'on armiyasi hanuz Tolibonni yenga olgani y'oq. Aksincha, toliblar so'nggi paytlarda qo'shimcha hududlarni qo'lga olgan.
Bir necha oy oldin Mudofaa vazirligi 3800 ta qo'shimcha askarni yuborish rejasini ma'qullagan edi, biroq Oq uydagi ayrim rasmiylar nazarida, bundan foyda bo'lmasligi mumkin.
Afg'onistonda qancha qo'shin bo'lishini Tramp topshirig'iga ko'ra Mudofaa vaziri Mattis belgilaydi. Ayni damda bu mamlakatda Amerikaning 8400 askari bor, xalqaro koalitsiyaga kirgan ittifoqchi mamlakatlardan esa salkam 5000 odam - ular NATO tarkibida xizmat qilmoqda. Ular, asosan, afg'on kuchlarini tayyorgalikdan o'tkazadi, maslahat beradi.
Bundan tashqari, AQShning Afg'onistonda al-Qoida va "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kurashuvchi maxsus qismlari ham bor.
Facebook Forum