Prezident Donald Tramp iqlim o'zgarishi haqidagi ilmiy dalillarga shubha bilan qaraydi. Inson faoliyati global iqlim o'zgarishining asosiy sababi degan qarashga ishonmaydi. U hatto issiqxona gazlarini kamaytirishga qaratilgan Parij kelishuvidan chiqishi haqida ham ogohlantirgan. Lekin AQSh harbiylari bu masalada Tramp bilan hamfikr emas.
Norfolk markazi dunyodagi eng katta dengiz harbiy bazasi. Bu yerda iqlim o'zgarishi ham o'rganiladi.
Harbiy muhandis Din Vanderlining aytishicha, bazada so'nggi 100 yildan beri dengiz sathining ko'tarilishi qayd etib boriladi.
"Dengiz sathi o'rtacha 45 sm. oshganiga guvoh bo'ldik. Kuzatuvlarimiz bu narsa davom etishini ko'rsatyapti", - deydi u.
Bu esa bazaning suvga o'rnatilgan tayanchlarini xavf ostiga qo'ymoqda.
"Ob-havo yomonlashsa, elektr simlari, suv yo'laklari kabi inshootlarga zarar yetadi. Suv tayanchlarning tepasigacha ko'tarilganda shunday bo'ladi. To'lqinlar yo'laklarni buzadi. Bu narsa ko'p ro'y bergan", - deydi Vanderli.
Shuningdek, suv toshqinlari dengizchilar va baza xodimlari ishini qiyinlashtirmoqda.
Harbiylar va shu yerda ishlab yashovchilar allaqachon iqlim o'zgarishiga mos reja ishlab chiqmoqda.
Harbiy dengiz kuchlari vaziri sobiq yordamchisi Denis Makgin o'tgan yili oktabrda shunday reja bilan chiqdi. Uning aytishicha, harbiy tayyorgarlik xavf ostida.
"Bu jiddiy masala. Allaqachon sodir bo'lyapti. Bir necha yildan beri bu haqda gapirib kelyapmiz", - deydi u.
Iqlim o'zgarishi nafaqat bazalar, balki beqaror mintaqalar uchun yangi tahdidlarni yuzaga chiqarmoqda.
"Bu beqaror davlat va jamiyatlar global isish bilan bog'liq ob-havo muammolariga ko'proq yuzlashsa, ularning muvaffaqiyatsizlikka uchrashi yanada tezlashadi. Har turli yomon narsalar ro'y berishi mumkin bo'lgan bo'shliq paydo bo'ladi", - deydi Makgin.
Prezident Donald Tramp iqlim o'zgarishini safsata deb atagan.
Ammo u tayinlagan Mudofaa vaziri Jeyms Mattisning qarashi jiddiy. U 2010-yilgi hisobotida iqlim o'zgarishini o'sib kelayotgan yangi xavf deb atagan edi.
"So, this is one of our double decker piers."
Norfolk bazasida yangi tayanchlarni balandroq qilib qurishmoqda, himoya choralari kuchaytirilgan.
"Inshootlarni qurishda kelajakni ko'zlab ish tutyapmiz. Kelajakda biz hisobga olayotgan narsalardan biri dengiz sathining o'sayotganidir", - deydi Vanderli.
Bu masalada siyosat qanday bo'lishi Vanderlining ishi emas. Ammo u o'z ishini qilishi kerak.
"Aqlli, yaxshi injener bo'lishga harakat qilyapmiz. Bizni hozircha qo'llab-quvvatlashyapti. Yaxshi, aqlli muhandis bo'lishga kimdir qarshilik qilishini tasavvur qila olmayman", - deydi u.
Yangi davlat rahbari qaysi yo'ldan boradi? Vanderli kabi mutaxassislarni shu savol o'ylantirmoqda.