AQShda yangi saylangan Prezident Donald Tramp nihoyat davlat kotibi sifatida kimni ko’rmoqchi ekani aniq bo'ldi. Aksariyat kuzatuvchilar bu lavozimga Nyu-York shahar sobiq meri Rudi Juliani, Massachusets sobiq gubernatori Mitt Romni yoki Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq direktori Deyvid Petreus kabi taniqli siyosiy arboblarni chog’layotgan bir paytda Tramp kutilmaganda yirik tadbirkor nomzodini olg’a surdi.
Neft va gaz bilan ish qiluvchi EksonMobil kompaniyasining bosh boshqaruvchisi Reks Tillerson diplomatik tajribaga ega emas, ammo ko’plab mamlakatlarda biznes doiralar bilan aloqalarni yo’lga qo’ygan. Odil Ruzaliev hikoya qiladi.
Reks Tillerson Donald Tramp bilan ikki bor uchrashganidan so’ng Tramp jamoasi vakillari uni davlat kotibi lavozimiga asosiy da’vogar ekanini aytdi. Tillersonning tanqidchilariga ko’ra, tadbirkorda siyosiy tajriba yetishmaydi, biroq Tramp uning boshqa xislatlariga e’tibor qaratdi.
"Tillerson ko’p arboblarni yaxshi taniydi. Rossiyada ko’p ishlar qilgan", - deydi u.
Rossiya bilan hamkorlikni yaxshi olib borgani uchun Tillerson 2013-yilda Vladimir Putin tomonidan “Do’stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
"Putin bilan 1999-yildan beri tanishman. Juda yaqin aloqadamiz", - degan edi Tillerson.
Tadbirkor AQShning Rossiyaga qarshi sanksiyalaridan norozi, chunki buning oqibatida u yerdagi ko’plab loyihalarini yopishga majbur bo’ldi. Uning Rossiyaga yaqinligi nomzodining Senatda tasdiqlanishiga halaqit berishi mumkin. Kreml o’tgan oy Amerikadagi prezident saylovlariga aralashgani haqida razvedka ma’lumotlari yuzaga chiqqach, ikki mamlakat orasidagi usiz ham sovuq aloqalar yanada salbiylashdi.
Trampning maslahatchisi Kelliyan Konvey Tillersonning davlat kotibi lavozimiga nomzodini himoya qildi.
"Axir u Putin bilan barda o’tirib, aroq ichayotgani yo’qku. Ular biznes mavzusida gaplashgan. AQShning Rossiya va boshqa mamlakatlar bilan aloqasi yaxshi emasligini bilaman", - dedi u.
Tramp Moskva bilan munosabatlarni yaxshilamoqchi ekanini bot-bot gapirgan. Ayrim tahlilchilar nazarida, Tramp siyosiy mafkuradan xoli arbob bo’lib, mamlakatlar bilan kelishishi oson bo’ladi.
"Tramp siyosat va diplomatiya doirasidan chetga chiqib, Oq uyda ish tajribasiga ega bo’lmagan tadbirkorni yuqori lavozimga tayinlash orqali dangal qadamlar tashlamoqda", - deydi texaslik siyosiy sharhlovchi Bad Kennedi.
Ayrim xabarlarga ko’ra, Tramp davlat kotibi o’rinbosari lavozimiga AQShning BMTdagi sobiq elchisi, keskin siyosat tarafdori Jon Bolton nomzodini ko’rsatishi kutilmoqda.