Sobiq prezident Barak Obama davrida qabul qilingan sog'liqni saqlashga oid bahsli qonunni bekor qilib, o'rniga yangisini qabul qilishga oid Donald Tramp taklif qilgan qonun ovoz berishgacha bormay bekor qilindi. Respublikachilar partiyasi yetakchilari qonunni o'tkazish uchun yetarli ovozlarni to'play olmasligiga ko'zi yetgach, uni Kongressdan qaytarib olgan.
Demokratlar yangi qonunga bir ovozdan qarshi chiqqan bo'lsa, respublikachilarning ham bir guruhi uni ma'qullamasligini ma'lum qilgan edi.
Dastlab, 23-mart kuni ovozga qo'yilishi kutilgan qonun bir guruh norozi respublikachilar ovozini qo'lga kiritish uchun bir kunga kechiktirildi. Ammo ertasiga ham kun bo'yi yetarli darajada ovoz to'planmagan va natijada kun oxiriga borib, Vakillar palatasi Spikeri Pol Rayan qonunni ovozga qo'ymasligini ma'lum qildi.
Obama davrida amalga oshirilgan sog'liqni saqlash tizimi islohoti o'z kuchida qoladigan bo'ldi. Respublikachilar uni yangilashga yaqin orada qayta urinmasligi aniq.
Prezidentlik uchun saylov kampaniyasi davrida bu qonunni bekor qilish va uni yangisi va yaxshirog'i bilan almashtirish Donald Tramp bergan eng katta va'dalardan biri edi. U prezidentlikka kirishishi bilan bu qonunni bekor qilishini va yangisini Kongressda taqdim etishini aytgan edi.
Tramp bu va'dasining ustidan chiqa olmadi va buning uchun aybni demokratlarga yukladi.
"Bu qonun endi demokratlarniki. Obama qonuni muammolari tobora kengayib boryapti va bir kuni u portlaydi. Buning uchun demokratlar aybdor. Yutqazgan ular", - dedi prezident.
Kongressning har ikki palatasida respublikachilar ko'pchilik bo'lsa ham, ular yakdil bo'lib ko'p tanqidga uchragan qonunni bekor qila olmagani yangi hukumat, xususan, Prezident Donald Tramp uchun jiddiy zarba bo'lgani aytilmoqda.
Hafta davomida kechgan bahs va muzokaralar davomida norozi respublikachilarni ko'ndirish maqsadida qonunning ayrim qismlariga o'zgartirish kiritilgan, ammo bu ularning ovozini olishga yetarli darajada bo'lmagan.