Breaking News

Tramp davrida xorijlik talabalar soni kamayadimi?


Xitoylik talabalar Tramp va Klinton bahsini tomosha qilmoqda, 27-sentabr, 2016-yil, Pekin, Xitoy.
Xitoylik talabalar Tramp va Klinton bahsini tomosha qilmoqda, 27-sentabr, 2016-yil, Pekin, Xitoy.

AQShda xorijlik talabalar soni ilk bor bir milliondan oshdi. Ammo ayrim kuzatuvchilarga ko'ra, yangi Prezident Donald Trampning Xitoy va boshqa davlatlar haqida aytgan bahsli fikrlari AQSh universitetlariga kelayotgan xorijlik talabalar soniga salbiy ta'sir qilishi mumkin.

Trampning saylov kampaniyasi paytida immigratsiya va vizalar haqida qilgan bahsli bayonotlari AQShda tahsil olayotgan ko'plab xorijlik talabalarni ham tashvishga soldi. Xitoylik Erika Van Nyu-York shtati universitetida tahsil olayotgan olti ming chet ellik talabadan biri.

"Tramp bergan va'dalarining ustidan chiqadimi, shuni kuzatmoqchiman. Siyosatda kutilayotgan o'zgarishlar bizga qanday ta'sir qiladi? Chunki do'stlarim orasida vahima qilayotganlar ko'p", - deydi u.

Universitet rahbarlaridan biri Stiven Dannet saylov davridagi va'dalar va amaldagi siyosat farqli bo'lishidan umidvor, ammo Trampning Tayvan yetakchisi bilan gaplashgani Xitoyda ancha bahslarga sabab bo'lganini aytadi.

"Xitoyga doir mavjud siyosatning keskin o'zgarayotgani xitoyliklarni norozi qilmoqda. U yerdagi hamkasblarim buning badali bo'lishi haqida ogohlantirmoqda. Universitetlaringizda ko'plab fuqarolarimiz o'qimoqda, agar bizni yaxshi qabul qilmasangiz, balki u yerga ortiq bormasligimiz kerakdir, deyishmoqda", - deydi Dannet.

Evelin Levinson Amerika universitetida xalqaro qabul bo'limida ishlaydi. Universitet bo'lajak talabalarni tinchlantirish uchun bag'rikenglik siyosatini yanada kuchaytirmoqda, deydi u.

"Nima bo'lishi haqida aniq ma'lumot yo'q, lekin so'ralayotgan savollar ko'p. Shu bois kuzda Yevropadagi shaharlarga bordik. O'zim shaxsan Yaqin Sharqda, Markaziy Amerikada bo'ldim. Ofisimizdan yana bir odam Gonkong va Singapurga bordi", - deydi u.

Xalqaro ta'lim institutiga ko'ra, AQShda eng ko'p xorijlik talaba Xitoydan. So'ng Hindiston va Saudiya Arabistoni keladi. Institut rahbari Allan Gudmen fikricha, saylov natijasi xalqaro talabalarga ta'sir qilmaydi. 100 yildan beri raqamlarda jiddiy o'zgarish bo'lmagan, faqat 11-sentabr xurujidan keyingi ikki yilni hisobga olmaganda, deydi u.

"AQSh tashqi siyosatida izolyatsionizm ustun bo'lgan davrlarga ham, turg'unlik va tushkunlik, urush va nizo yillariga ham qaradik", - deydi u.

Chunki, deydi mutaxassis, oliy ta'lim shtatlar tomonidan boshqariladi, federal siyosatning universitetlarga ta'siri juda kam.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG