Donald Tramp Simoliy Koreyaga tashrif buyurgan amaldagi ilk AQSh prezidenti bo'ldi. U Janubiy va Shimoliy Koreya chegarasida Kim Chen Un bilan uchrashib, u bilan birga Shimoliy Koreya hududiga o'tdi. Tramp Kimni Vashingtonga taklif qildi.
Donald Trampning Shimoliy Koreyaga tarixiy tashrifi Janubiy Koreyaga safari davomida amalga oshdi. Chegaradagi demilitarizatsiya zonasiga kelgan AQSh rahbari qo'shni davlat yetakchisi Kim Chen Un bilan bir soatga yaqin muloqot qildi.
"Chegaradan o'tish katta sharaf bo'ldi. Ko'plab siljishlar bor. Ko'plab do'stlar orttirdik. Ayniqsa, bu do'stligimiz alohida e'tiborga molik", - dedi Tramp.
Tramp uchrashuv ikki daqiqa davom etishini aytgan edi, lekin Kim bilan 50 daqiqadan ko'p gaplashgan.
"Kecha ertalab Prezident Mun men bilan shu yerda uchrashish niyatida ekanini eshitganimda o'zim ham ajablandim. Kecha tushdan keyin bu tasdiqlanganda ham", - dedi Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Un.
Uchrashuv ortidan Tramp ishchi guruhlar darajasida muloqot davom etishini e'lon qildi.
"Biror narsa qila olamizmi-yo'qmi, shuni ko'rmoqchimiz. Biz buni to'g'ri qilishimiz kerak. Tez qilishga emas, to'g'ri amalga oshirishga e'tibor qaratyapmiz", - dedi Tramp.
"Bugungi uchrashuv orqali yarimorolda doimiy tinchlik va to'liq yadrodan xoli hudud barpo qilish masalasida yana bir to'siqni yengib o'tdik", - dedi Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In.
Tramp va Kim o'zaro muloqotni davom ettirish haqida ilk bor kelishayotgani yo'q.
Singapurda boshlangan muhokamalar bir necha oy o'tib boshi berk ko'chaga kirib qolgan edi.
Facebook Forum