Breaking News

Oq uy Meksika bilan chegarada devor qurish qarorida qat'iy


AQSh-Meksika chegarasida
AQSh-Meksika chegarasida

AQSh hukumati moliyaviy sinovlar bilan yuzlashar ekan, Prezident Donald ayrim maqsadlarini chetga surmoqchi emas. Meksika bilan chegarada devor qurmoqchi.

Yangi moliya yili oktabrda boshlanadi. Ungacha davlat xarajatlarini qoplash uchun mablag' kerak. Bu borada Kongress a'zolari kelishib olishi zarur. Oq uy bu masala albatta hal etiladi deya ishonch bildirmoqda. Janubiy qo'shni bilan chegarani mustahkamlash dolzarb vazifalardan biri, deydi rasmiylar. Lekin bu milliardlab dollar talab qiladi. Hozircha bu pulning qayerdan kelishi ma'lum emas.

Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser deydiki, aslida Tramp uchun ikki maqsad nihoyatda muhim: mudofaa tizimini ko'proq mablag' bilan ta'minlash va Meksika bilan chegarada devor barpo etish. Prezident devor uchun pulni Meksika to'laydi deya bong urib keladi, lekin qo'shni mamlakat "buni xayolga ham keltirmang", deya ogohlantirmoqda.

Davlat rahbari saylovchiga bergan va'dalarini albatta bajarishi kerak, deydi Spayser, shunday ekan, albatta imkoniyat topish lozim.

Devor - uzoq muddatni ko'zlovchi chora, deydi Oq uy matbuot kotibi. Tramp ikki muddat prezident sifatida xizmat qilish niyatida. Kelgusi prezident o'shanda bu devor qurilganidan minnatdor bo'ladi, chunki noqonuniy immigrantlar soni kamaygan bo'ladi, deydi Spayser.

Kongressdagi demokrat liderlar prezidentni ko'rpaga qarab oyoq uzatmayotganlikda, keraksiz narsa uchun milliardlab dollar so'rayotganlikda ayblaydi. Quruq va'dalar berib Oq uyga saylangan Tramp, deydi senator Chak Shumer va qonunchi Nensi Pelosi, Meksika to'laydi degan safsatadan uzoqlashib, mablag'ni xalq manfaatlari uchun zarur boshqa sohalardan olmoqchi. Devor uchun taxminan 10-15 milliard dollar kerak.

Kelgusi yil byudjeti yuzasidan siyosiy janglar boshlanar ekan, Vashingtonda respublikachilar va demokratlar o'zaro tanqidga zo'r bermoqda.

AQSh Vakillar Palatasida demokratlar lideri Nensi Pelosi, sobiq spiker
AQSh Vakillar Palatasida demokratlar lideri Nensi Pelosi, sobiq spiker

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG