Nyu-Yorkda “MS-13” jinoiy to'dasi a’zolarining katta qismi qo’lga olingach, aholi taskin topgandek bo'ldi. Ammo zo'ravonlik holatlari, ayniqsa, mahalliy ispanzabonlar orasida to'la bartaraf etilgani yo'q.
Federal hukumat jinoyatchilar to’dasini butunlay yo’q qilishga jiddiy kirishgan. Lekin bu yo’lda aholi hayotiga beixtiyor xavf tug’diradigan va bilib-bilmay zarar yetkazish holatlari ham yo’q emas.
Nyu-Yorkning Long-Aylend hududida 2016-yil yanvaridan beri 17 qotillik ro'y berdi. Jabr ko’rayotganlar ispanzabon aholidan iborat bo’lgan mahallalar. Jinoyat ko’pligidan aholi hayot tarzini o’zgartirishga majbur. Nataliya Osorio maktab o’quvchisi. U “MS-13” guruhi dastidan ota-onasining maslahati va nazoratiga muhtoj.
“Men maktabga piyoda boraman. Ota-onam ko’chada hech kim bilan gaplashmaslikni, biror mashina uyimga olib borib qo’yishni taklif qilsa, qat’iy yo'q deyishim kerakligini doim tayinlashadi”, - deydi u.
“MS-13” ildiz otib “qotillik poytaxti”ga aylangan Salvador kabi davlatlardan Amerikaga ham jinoiy to'dalar kirib kelgani aytiladi. Merilend shtati maxsus tergov bo’limi direktori Pol Likorining aytishicha, markaziy amerikaliklar ko’p bo’lgan hududlarda tovlamachilik xavfi yuqori.
“Jinoyat bu davlatlarni yengib olgan. Markaziy amerikaliklar va salvadorlik aholi o’rnashgan joylarda ham bu jinoyatchilarning ta'siri bilinadi. To'dalar mana shunday muhojirlar ko'p bo'lgan hududlarda faoliyatini kuchaytiradi, chunki ular bu yerdagi odamlar ularni yaxshi tanishidan foydalanishadi”, - deydi Pol Likori.
Nyu-Yorkning Saffolk okrugi aholisi Prezident Trampning zo’ravon jinoyatchilikka qarshi boshlagan kurashiga turlicha qarashda. Tarafdorlar bu ayni muddao deya qo'llab-quvvatlamoqda.
“Saffolk okrugi “MS-13” guruhining kuchli tahdidi ostdida qolgan. Federal hukumat jiddiy chora ko’rmasa, mahalliy hokimiyat hech narsa qila olmaydi”, - deydi Mark Blum ismli fuqaro.
Lekin tanganing boshqa tomoni ham bor. Jinoyatchilarni nishonga olish bahonasida hujjatsiz aholiga ham bosim o’tkazilishi mumkin.
“Yomon odamlarni deport qilishni o’ylash yaxshi. Lekin jinoyatga umuman aloqasi yo’q odamlarga ham ta’sir qiladi. Yomon bor joyda yaxshi ham bor-da”,- deydi asli salvadorlik o’smir Kevin.
Sergio Argueta Long-Aylendda faol yoshlar dasturini boshqaradi. U bir vaqtlar jinoyatchi to’dalarga o’ralashgan edi. Uning ikki do’stini shu to’dalar o’ldirgan. Atrofdagi nosog’lom muhitga qaramasdan, kollejda o’qigani uning hayotini o’zgartirdi. Uning aytishicha, Tramp jinoyatchilarga qarshi kurashishning boshqacha usulini topishi kerak.
“Agar Tramp rostdan ham to’dalarni yo’q qilishga kirishgan bo’lsa, ishni, avvalo, yaxshi ta’lim imkoniyatlari, uy-joy, salomatlik tizimini yo’lga qo’yish, yoshlarni jinoyatchilikdan asrashdan boshlashi kerak. Toki odamlar o’z mahallasida xotirjam o’qib ishlasin.Lekin Tramp buning hech birini qilayotgani yo’q”, - deydi Argueta.
Mahalliy faollar fikricha, jinoyatchilikni tugatish uchun siyosiy qarashlarni chetga surib, muammoga har tomonlama yondashish kerak.
Facebook Forum