Breaking News

Turkiya: Saylovdan keyin AKP ichki ziddiyatlarga to'la


Saylovchilar AKP yetakchisi Ahmet Davutoglu surati oldida. Istanbul, 5-iyun 2015-yil.
Saylovchilar AKP yetakchisi Ahmet Davutoglu surati oldida. Istanbul, 5-iyun 2015-yil.

Yakshanba kuni Turkiyaning parlament saylovlarida katta zarba yegan Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) a’zolari hozirda qanday xatolarga yo’l qo’yilganini tahlil qilmoqda. Partiya ichida Prezident Rajab Toyib Erdog’an tarafdorlari va partiya yetakchisi Ahmet Dovutog’li va uni qo’llab-quvvatlovchilar o’rtasida yakdillik yo’qligi ayon bo’ldi. Endi partiya yangi siyosiy yo’nalishni tanlashi kerak, deydi kuzatuvchilar.

Yakshanba kungi saylovdan keyin ilk bor televideniye orqali chiqish qilgan Prezident Erdog’an parlamentdagi o’rinlarni qo’lga kiritgan to’rt partiyani mamlakatni boshi berk ko’chaga yetaklamay, tezda yangi hukumat tuzishga chaqirdi.

Saylov natijasida AKP partiyasi aksariyat o’rinlarni boy berdi. Demak, Erdog’anning hokimiyatini kuchaytirish uchun konstitutsiyani o’zgartirish rejasi ham barbod bo’ldi.

AKP yetakchisi Ahmet Dovutog’li prezidentlik tizimiga o’tish rejasi bekor bo’lgani, bunday qarorni aslida saylovchilar qabul qilganini aytdi. Seshanba kuni Dovutog’li bosh vazir lavozimidan iste’fo berdi. Yangi hukumat shakllanganidan so’ng bu o’ringa boshqa odam tayinlanadi.

Istanbuldagi Marmara universitetidan siyosatshunos Yuksel Taskinning aytishicha, partiya mag’lubiyatidan keyin Dovutog’li uchun siyosiy obro’ni yo’qotmaslik qiyin bo’ladi.

“Davutoglu o’z o’yinini olib borolmadi, Erdog’anga bo’ysunishga majbur bo’ldi. 2011-yilga qaraganda saylovchilar ovozlari 20 foizga kamaydi, parlamentdagi o’rinlar soni ham 20 foiz kamroq. Demak, Dovutog’li o’zgarishi kerak. Vaziyatni nazorat qilayotganini, hanuz qudratda ekanini namoyish qilishga majbur. Bu esa partiya ichida ziddiyatlarni vujudga keltirishi mumkin”, - deydi siyosatshunos.

Ko’plab AKP deputatlari Erdog’anga sodiq. Sentabrda ular safdoshlarini partiyaning yangi yetakchisini saylashga undashi mumkin. Dovutog’li o’rnini prezidentning yaqin hamkori Numan Kurtulmush egallashi ehtimoli bor.

Istanbuldagi Sulaymon Shoh universitetidan siyosatshunos Chingiz Aqtar fikricha, mag’lubiyatga uchragan islomparvar partiya ichida endi ziddiyatlar kuchayishi mumkin.

“Siyosiy islomda odamlar boshqalarga o’z noroziliklarini namoyish qilmaslikka odatlangan. Ammo endilikda bunday ziddiyatlar va bo’linishga guvoh bo’lishimiz mumkin”, - deydi u.

Sobiq prezident, AKP asoschilaridan biri Abdulla Gul ham jarayonda katta rol o’ynashi mumkin.

U Prezident Erdog’anni avtoritar tizim barpo etmoqchi ekani uchun tanqid qilganidan so’ng saylovoldi kampaniyasida qatnasha olmagan edi.

Endi esa u partiya ichida yetakchilikka intilishi mumkin, deydi Taskin.

“Bundan buyon u men sizlarni ogohlantirgan edim, deydi. “Siz mo'tadil yo’ldan qaytdingiz va mafkurani o’zgartirmoqchi bo’ldingiz. Mana sizga natija”, deyishi mumkin”, - deydi siyosatshunos.

Bryusseldagi Karnegi tadqiqotlar markazidan tahlilchi Sinan Ulgen Turkiya tarixi haqida gapirar ekan, ilgari olingan saboqlardan AKP kelajagi mavhum, deya xulosa chiqarish mumkin, deydi.

"Turkiya siyosiy tarixi davomida qayta-qayta bir narsaga guvoh bo’lganmiz: partiya siyosiy qudratini yo’qotganida, ayniqsa, kuchli va obro’li yetakchini yo’qotganida parchalanib ketgan. AKP ham shunday xavfga yuz tutmoqda,” – deydi u.

Sentabrda AKP yig’ini bo’lib o’tadi. Unda partiyaning taqdiri hal bo’lishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG