Breaking News

Turkiya ahli orasida AQShga ishonch pasaygan


Turkiyadagi Qodir Xos universiteti o'tkazgan ommaviy so'rov natijasiga ko'ra, mamlakat aholisining faqat 6 foizi AQShni ittifoqchi davlat deb biladi. Bu o'tgan yilgi ko'rsatkichdan ikki foiz kam.

Turkiyaliklarning 51 foizi AQShni dushman, 35 foizi esa Turkiya uchun tahdid deb atagan. Faqat 12 foiz odam AQSh bilan hamkorlik Turkiya uchun yaxshi, degan fikrda.

So'rovda qatnashganlarning 45,5 foizi Turkiyani islomiy davlat deb bilishini aytgan, 2013-yil bu raqam 37 foiz bo'lgan. Shuningdek, 26,4 foiz qatnashchi Turkiyani Yevropa davlati deb atagan bo'lsa, 20,3 foizi uni Yaqin Sharq mamlakati deb hisoblagan.

Ishtirokchilarning boshqa mamlakatlarga munosabati haqida ham savollar so'ralgan. Masalan, qatnashchilarning 37,5 foizi Ozarbayjonni Turkiyaning eng yaqin do'sti deb hisoblagan. Bu 2014-yilgi ko'rsatkichdan 9 foiz baland. Turkiya tashqi siyosatidagi eng muhim masala sifatida 20 foizlik ko'rsatkich bilan Suriya birinchi o'rinni qayd etgan. 2013-yil bu raqam 65,5 foiz edi.

Mamlakatda prezident maqomining oshib borayotgani ham so'rovlarda aks etgan. Anqara tashqi siyosatini shakllantirishda qaysi institutlar muhim rol o'ynaydi, deya so'ralgan savolga 28,4 foiz odam prezident, deb javob bergan. 2013-yil bunday fikrdagilar faqat 7,7 foiz edi.

Bunday o'sish ommaviy saylov orqali prezidentlikka saylangan Rajab Toyib Erdog'anning, avvalgi davlat rahbarlaridan farqli o'laroq, faol siyosat olib borayotgani natijasi bo'lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG