Breaking News

Kurd yoshlari uchun basketbol - tinchlikka yo'l


Bag'lar jamoasi
Bag'lar jamoasi
Turkiyaning Kurd regionidagi eng yirik shahar Diyorbakir yillar davomida turk va kurdlar o’rtasidagi urush markazi bo’lib kelgan. Kurdlar Turkiyadan ajralib, muxtoriyat tuzishni talab qiladi. Mahalliy yoshlar va Turkiya xavfsizlik kuchlari orasida tez-tez to’qnashuvlar kuzatiladi. Shu yerlik Go’kan Yildirim sport yordamida yosh yigit-qizlar xayolini siyosiy mojarolardan chalg’itishga urinmoqda. U basketbol bo’yicha murabbiy.

Diyorbakirning “Bag’lar” nomli basketbol jamoasi ko’pchilikka yaxshi tanish. Kuchli jamoa. Turkiyaning boshqa, obro‘li komandalari bilan o’yinlarda ham g’alaba qozongan. Go’kan Yildirim - jamoa murabbiysi. U bu sohadagi faoliyatini 20 yil avval talabalik davrida boshlagan.

“Bolalar basketbol nimaligini bilmasdi. Qanday o’yin, formalari qanday, to’p qanaqa bo’lishi haqida tasavvurlari yo’q edi. Basketbol to’pini olib kel desangiz, voleybolnikini keltirardi. Keyin men, “olovrang koptokni olib kel”, derdim”, - deya eslaydi Yildirim.

“Bag’lar”ning Diyorbakirdagi binosini mahalliy aholi yaxshi biladi. Jamoa faoliyatida Turkiya xavfsizlik kuchlari va kurd isyonchilari o’rtasidagi to’qnashuvlar o’z izini qoldirgan. Jamoa safida to’qnashuvlardan qochgan mahalliy aholi vakillari ko’p.

Yildirim hozir “Bag’lar” obro’sini qayta tiklashga harakat qilyapti.

“Bu yerdagi vaziyat o’smirlarni jang maydoni sari yetaklaydi. Ular muammolarni kuch bilan hal qilamiz, deydi. Men esa ularga bir-biringizga yaxshi munosabatda bo’ling, jamoa siz uchun oiladek, bu yerda hech narsadan qo’rqmasangiz ham bo’ladi, deyman. Har biringiz alohida ahamiyatga egasiz, deb aytaman”, - deydi murabbiy.

Yildirim oltita jamoa bilan ishlaydi. Hamkasbi esa beshta qizlar komandasiga murabbiylik qiladi.

Jamoalar ko’p muvaffaqiyatlarga erishgan. Ammo bu oson bo’lgani yo’q. “Bag’lar” jamoasi sardori Ali Alacha yutuqlarni murabbiy nomi bilan bog’ladyi.

“Uning jamoadagi ishi, Diyorbakir va boshqa joylardagi faoliyati nihoyatda muhim, bolalarga umid baxsh etadi, ilhom beradi, o’qitadi. Hayotda puldan tashqari sport ham, bilim ham bor, hamma narsaga erishsa bo’ladi, deb o’rgatadi”, - deydi sportchi.

“Bag’lar”da o’ynagan bir necha basketbolchi hozir professional klublarda ishini davom ettirmoqda. Yana biri basketboldan grant yutib olib, AQShda o’qidi. Yildirim uchun esa eng muhimi g’alaba.

“Yutqizsak, men o’rnimdan ham turolmayman. Mag’lubiyat menga to’g’ri kelmaydi. Juda yomon qabul qilaman. Jahlim chiqadi, yuragim uvishadi”, - deydi murabbiy.

“Bag’lar” jamoasini tuzishdan maqsad faqat sport sovrinlarini qo’lga kiritish emas. Go’kan Yildirim basketbol orqali Turkiya yoshlari hayotida ijobiy o’zgarish yasashga o’z hissasini qo’shmoqchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG