Breaking News

Turkiya suriyalik kurdlarning siyosiy nufuzi oshayotganidan xavotirda


Suriya kurdlari
Suriya kurdlari
Suriyada kurdlarning Turkiya chegarasiga yaqin shaharlarni qo’lga olgani rasmiy Anqarani xavotirga solmoqda. Hukumat nazarida, bu jamoa mintaqada muxtoriyat o’rnatishga intilib, Turkiyadagi kurdlarni ham bunga gijgijlatishi mumkin.

Suriyada isyonchilar prezident Bashar al-Assad hukumatiga qarshi kurashar ekan, kurdlar ham isyonchilarga yordam bermoqda. Shaharlarning kurdlar nazoratiga o’tishi haqida xabarlar tarqalgach, Turkiya hushyor tortdi, deydi “Hurriyet” gazetasi muxbiri Metexan Demir.

Rasmiy Anqara mintaqada mustaqil kurd davlatining paydo bo’lishini istamaydi, deydi u. Suriyada chamasi ikki million kurd bo'lib, aholining to'qqiz foizini tashkil etadi.

"Suriyalik kurdlarning bu harakati turkiyalik kurdlarga bu masalaga qaytishga signaldek bo’lishi mumkin. To’rt qismdan iborat rejaning ikkinchisi bu. Birinchisi amalga oshdi. Iroqda kurdlar muxtoriyatga erishdi. Suriya, Eron va Turkiyada ham ko’plab kurdlar yashaydi”, - deydi Demir.

Anqara terrorchi tashkilot deb topilgan Kurdiston Ishchilar partiyasi jangarilariga qarshi ko’p yillardan beri kurashib keladi. Partiya a’zolari orasida ko’plab suriyalik kurdlar ham bor. Ular Turkiyada o’zlari uchun qo’shimcha huquqlar talab qilmoqda.

Turkiyalik tahlilchi Soli Ozelning aytishicha, kurd masalasi bir yoqli bo’lmaguncha, bosh vazir xavotiriga barham berilmaydi.

"Suriyadagi voqealarning bunga ta’siridan tashvishda hukumat. Ayniqsa, Kurdiston Ishchilar partiyasiga aloqador guruhning Suriyada siyosiy mavqesi kuchli ekanini hisobga olsak", - deydi Ozel.

So’nggi yillarda Anqara Iroq shimolidagi Kurd yarim avtonomiyasi rahbariyati bilan munosabatlarni yaxshilashga muvaffaq bo’ldi. O’rtada savdo-sotiq kuchaydi.

Tahlilchi Sinan Ulgenning aytishicha, Turkiya hukumati suriyalik kurdlar shashtini tushirishda iroqlik kurdlar rahbari Masud Barzanidan yordam so’rashiga to’g’ri keladi.

"Anqara 2008-yilda Iroq kurdlari bilan aloqalarni o’rnatishda muvaffaqiyatga erishganidan so’ng bu ssenariyni suriyalik kurdlarga nisbatan ham qo’llashi mumkin. Barzani bu ishda Turkiyaga yordam berishi kutilmoqda”, - deydi Ulgen.

Biroq Barzani so’zining Kurdiston Ishchilar partiyasi va Suriyada unga aloqador guruhlarga qanchalik o’tishi ma’lum emas, deydi tahlilchi. Ayrimlar nazarida unga ittifoqchi sifatida ishonib ham bo’lmaydi. Iroq Kurdistonida boshpana olishga umid qilgan yuzlab suriyalik kurdlar vataniga qaytishga majbur bo’ldi.

Tahlilchi Soli Ozelning aytishicha, Barzani Suriyadagi kurd muxolifatini birlashtirishga muvaffaq bo’ldi, o’zaro bitimga kelishishgan.

"Suriyadagi voqealar Barzanining xabari yoki roziligisiz bo’layotganiga ishonmayman", - deydi Ozel.

Agar Turkiya kurd jangarilarining Suriyadagi hududlarni nazoratga olishiga diplomatik yo’l bilan halaqit bera olmasa, harbiy chora ko’rishga majbur bo’ladi, deydi Sinan Ulgen.

"Turkiya Iroq shimolida oldin shunday qilgan edi. Agar Kurdiston Ishchilar partiyasi jangarilari Suriyada faollashsa, Anqara yana hujumga o’tishi mumkin", - deydi Ulgen.

Yaqinda Suriya Turkiyaga qarashli vertolyotni urib tushirganidan beri chegaraga qo’shimcha kuchlar tortilgan. Endi esa Anqara suriyalik kurdlar harakatlarini diqqat bilan nazorat qilib boradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG