Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Istanbul tumanlaridan birida o’tkazilgan ijtimoiy obyektlarning ochilish marosimida nutq so’zlab, 23-iyundagi saylovga alohida to’xtalib o’tdi. U marosim ishtirokchilarini o’z partiyasining nomzodiga ovoz berishga chaqirdi.
“Qardoshlarim, Istanbulni boshqaradigan shahar hokimini saylaymiz. Saylovga borganimizda mezonimiz “loyihalari bilan, tajribasi bilan, iste’dodi bilan, jamoasi bilan kim bu shaharni yaxshiroq boshqaradi?” bo’lishi kerak. Sababi qanday bo’lishidan qat’iy nazar, Istanbul kelajagi xavf ostiga, yutuqlari tahlika ostiga qo’yilishi mumkin bo’lgan shahar emas”, - dedi u.
Siyosiy partiyalarning Istanbul boshqaruvini qo’lga kiritishga qattiq harakat qilishi bejiz emas. Zero, Turkiyada Istanbulni boshqaradigan butun davlatni boshqaradi, deyishadi. Bu shahar - Osiyo va Yevropa qit’alari o’rtasidagi ko’prik, Turkiyaning ilm-fan, madaniyat, turizm, iqtisodiyot markazidir.
Turkiya statistika idorasining 2017-yildagi ma’lumotiga ko’ra, Istanbulning yalpi ichki mahsuloti 970 milliard liraga yoki 257 millard dollarga teng. Bu Turkiya iqtisodiyotining 31 foizi demakdir.
Joriy yilning 31-mart kuni Turkiyada mahalliy hokimiyat organlariga saylov o’tkazilgan edi. Unda hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) va Milliyatchi harakat partiyasi (MHP) koalitsiya, ya’ni Jumhur ittifoqi sifatida qatnashdi. Muxolifatchi Jumhuriyat xalq partiyasi va IYI (“Yaxshi”) partiyasidan tashkil topgan koalitsiya esa Millat ittifoqi deb ataldi.
Saylovda qariyb 14 ming ovoz farq bilan Millat ittifoqining nomzodi Akram Imomo’g’li raqibi - bir paytlar bosh vazir bo’lgan Binali Yildirimdan ustun keldi.
Biroq 6-may kuni Turkiya Oliy saylov komissiyasi Istanbul hokimligi uchun saylov natijasini bekor qildi. Bunga asos sifatida yuzlab saylov uchastkasida saylov komissiyasi raislari va a’zolari qonunga zid ravishda davlat xodimlaridan tayinlanmaganini, shuningdek, ovoz berish jarayonida qator qonun buzilishlariga yo’l qo’yilgani va bu holatlar Istanbul hokimligi uchun saylov natijalariga salbiy ta’sir ko’rsatganini ma’lum qildi. Takroriy saylov 23-iyunga belgilandi.
Har ikki koalitsiya ham o’z nomzodlarini o’zgartirmadi: 23-iyundagi saylovda Akram Imomo’g’li va Binali Yildirim qatnashadigan bo’ldi.
Binali Yildirim aslida saylov takrorlanishini emas, balki barcha saylov uchastkalaridagi ovozlar qaytadan sanalishini istashganini, muxolifat esa bunga yo’l qo’ymaganini aytdi.
Istanbulda yashaydigan va “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan o’zbekistonliklar o’z kuzatishlariga asoslanib, saylovga qiziqish kuchli ekanini aytadi.
Shahardagi universitetlardan birida o’qiydigan Baxtiyor Sultonov fikricha, 31-mart kungi saylovda qatnashmagan saylovchilarning bu galgi saylovda qatnashishi natijalarni o’zgartirishi mumkin.
“Yakshaba kungi debatdan (Imomo’g’li va Yildirim o’rtasidagi teledebatdan) keyin kuzatishim bo’yicha odamlar ikkiga bo’lingan, hamma o’zining tarafida turibdi. Imomo’g’lining tarafdorlari ham, Binali Yildirimning tarafdorlari ham 31-martda qanday fikrda bo’lgan bo’lsa, 23-iyundagi saylovda ham o’z fikrida qoladi. Bitta qo’shimcha bo’lishi mumkin: menimcha saylovda ko’proq odam qatnashadi va aynan ular saylovning taqdrini hal qiladi deb o’ylayapman”, - deydi u.
Baxtiyor Sultonov fikriga ko’ra, 31-mart kungi saylovda qatnashmaganlar orasida Adolat va taraqqiyot partiyasining tarafdorlari ko’proq, chunki ular Binali Yildirimning osonlik bilan g’alaba qozonishiga ishongan. Agar ular yakshanba kungi saylovda qatnashsa, bu Yildirimga muvaffaqiyat keltirishi mumkin.
Shunday qilib, dunyodagi eng yirik megapolislardan birining yangi hokimi yakshanba kungi saylov natijasida ma’lum bo’ladi.
Har ikki nomzod ham saylov natijalarini qabul qilishga tayyorligini bildirdi. “Agar saylovda qonunlar buzilmasa”, - deya qo’shimcha qildi ular.
Facebook Forum