10-avgust kuni Turkiyada bo’ladigan prezidentlik saylovlarida amaldagi Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’anning g’olib chiqishi kutilmoqda. U hozir mamlakat bo’ylab faol saylov kampaniyasini olib borish bilan band.
Erdog’an sharafiga Istanbulda tashkil etilgan ulkan ommaviy tadbirga bosh vazirning yuz minglab tarafdorlari yig’ildi.
Mahalliy matbuot xabarlariga ko’ra, qatnashchilarni maydonga olib kelish uchun vazirlik va davlat idoralariga qarashli besh ming avtobusdan foydalanilgan.
Bryusseldagi Karnegi instituti tahlilchisi Sinan Ulgenning aytishicha, Erdog’an olib borayotgan kampaniya boshqa ikki nomzodnikidan keskin farq qiladi.
“Bosh vazir kampaniyasiga qaraydigan bo’lsangiz, uning katta tayyorgarlik asosida borayotganiga guvoh bo’lasiz. Buni amalga oshirishda hukmron partiya ta’siridan hamda bosh vazir qo’li ostidagi resurslardan foydalanilgan”, - deydi u.
Salohiddin Demirtosh hamda Akmaliddin Ehsono’g’li, asosan, xayriya mablag’lari evaziga saylov kampaniyasini olib borayotgan bo’lsa, Erdog’an bosh vazir sifatidagi chiqishlarida ham saylovchilarga murojaat qilmoqda.
U, shuningdek, saylov kampaniyasi rasman boshlangan muddat – 31-iyuldan oldin ham hukumatga qarashli samolyotida mamlakatni kezib, o’z tarafdorlari bilan uchrashgan edi. Erdog’an saylov kampaniyasiga doir qonun talablari buzilganini inkor etadi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Erdog’an, raqiblaridan farqli o’laroq, o’z chiqishlarida tashqi siyosatga ko’proq urg’u bermoqda. Masalan, Istanbul yig’inida u Isroilning G’azoga uyushtirgan hujumlarini yana bir bor keskin qoraladi.
Erdog’anning aytishicha, falastinliklar va G’azo haqli kurash olib bormoqda va Isroil bir kun kelib o’zi to’kkan qonlarga cho’kib ketadi.
U, shuningdek, Isroil yuritayotgan siyosatni II Jahon urushi davrida Gitler qo’llagan qiynoq usullariga qiyosladi. U, ayni paytda, yahudiy millatiga g’arazi yo’qligini ham ta’kidlab o’tdi.
Isroilni Gitlerga qiyoslash G’arbdagi ittifoqchilari orasida keksin norozilik uyg’otishiga ishonchi komil bo’lsa ham, Erdog’an bu ayblovlarning mamlakat ichida o’z tarafdorlari sonini oshirishini yaxshi biladi.
Bosh vazir millatchi guruhlarni ham o’ziga og’dirish yo’llarini qidirmoqda. So’nggi ommaviy so’rovlarga ko’ra, bunday choralar o’z samarasini bermoqda. Erdog’an raqiblaridan ancha oldinda bo’lib, birinchi bosqichning o’zida 50 foizdan ziyod ovozni qo’lga kiritishi kutilyapti.
Erdog’an, agar prezident etib saylansa, avvalgi davlat rahbarlaridan farqli o’laroq, faol yetakchi bo’lishini ta’kidlamoqda. Shu paytgacha Turkiya siyosatida bosh vazir asosiy shaxs bo’lib, prezidentlik ramziy darajada davlat rahbarini ifodalab kelgan.
Tahlilchi Ulgenning aytishicha, Erdog’an prezident sifatida ilk bor to’g’ridan to’g’ri xalq tomonidan saylanayotgani uchun, o’zini faol davlat rahbari bo’lishga haqli deb hisoblashi mumkin.
“U prezidentlik kursisini bosh vazir sifatida o’zi boshqargan ijro hokimiyatining kengaytirilgan ko’rinishi deb hisoblashi mumkin. Natijada yana xuddi bosh vazirdek hukmronlik qilishda davom etadi”, - deydi u.
Erdog’an bir necha suhbatlarida ma’lum bir tomonning yonini oladigan prezident bo’lishini ta’kidlagan. Uning aytishicha, betaraf yoki xolis davlat rahbari bo’lish imkonsiz. Tahlilchilar bu holatning mamlakat va jamiyatni yanada bo’linish sari yetaklashidan xavotirda. Erdog’anning 10 yildan ziyod davom etgan hukmronligi davrida mamlakatda guruhbozlik avj olgani aytiladi.
Ayni paytda Turkiya iqtisodiyoti gurkirab o’sishda davom etgani ham haqiqat. Xuddi shu muvaffaqiyat asosida Erdog’an prezidentlik kursisini egallashga umid qilmoqda.