Breaking News

Turkiyadagi saylov diniy va dunyoviy guruhlar o'rtasidagi bo'linishni aks ettirmoqda


Prezidentlik saylovida muxolif partiyalar qo'llab-quvvatlayotgan nomzod - Akmaliddin Ehsono'g'li
Prezidentlik saylovida muxolif partiyalar qo'llab-quvvatlayotgan nomzod - Akmaliddin Ehsono'g'li

Akmaliddin Mehmet Ehsono’g’li aslida siyosatchi emas. Akademik va diplomat sifatida to’qqiz yil Islom hamkorligi tashkilotini boshqargan. U bugun Turkiya prezidentligiga da’vogarlardan. Mamlakatning eng katta ikki muxolif partiyasi prezidentlik uchun 10-avgustda bo’lib o’tadigan saylovda Ehsono’g’li nomzodini qo’llab-quvvatlamoqda. Ularga ko’ra, u Bosh vazir Toyib Erdog’anga qarshi tura oladigan eng munosib raqibdir. Ammo saylovchilarni bunga ishontirish hamda Erdog’anning sadoqatli tarafdorlarini o’ziga og’dirish Ehsono’g’li uchun oson bo’lmaydi.

Akmaliddin Ehsono'g'li haqida, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:19 0:00
Yuklab oling

Ehsono’g’li saylov kampaniyasida ijtimoiy va iqtisodiy muammolarga e’tibor qaratmoqda. 70 yoshli nomzod turk jamiyatidagi tabaqalanish va diniy bo’linishlarga chek qo’ymoqchi.

Men prezident bo’lsam, boshiga ro’mol o’ragan konservativ musulmon ayolning ham, hukumatga qarshi bosh ko’targan namoyishchining ham huquqlari poymol etilmaydi, deydi u.

Turkiya jamiyatida dunyoviy tuzum tarafdorlari hamda dindor guruhlar o’rtasida ziddiyat kuchaygan. Taniqli olim, ziyoli va uch tilda so’zlashuvchi Ehsono’g’li o’zini qarama-qarshi tomonlarni birlashtira oladigan shaxs sifatida taqdim etmoqda.

Misrda turk oilasida tug’ilgan Ehsono’g’li dindor musulmon bo’lish bilan birga, dinshunoslik fanlari professori hamdir. Kuzatuvchilarning aytishicha, muxolif partiyalar uning timsolida g’oliblikka asosiy da’vogar, dindorlar himoyachisi sifatida ko’riladigan Erdog’anga qarshi jiddiy raqibni ko’rmoqda.

Bryusseldagi Karnegi Yevropa instituti tahlilchisi Sinan Ulgenga ko’ra, har ikki nomzod qarashlari bir-biridan keskin farq qiladi.

“Mamlakatni qanday boshqarish bo’yicha ular farqli yondashuvlarga ega. Erdog’an qaror qabul qilish jarayonida faol ishtirok etuvchi prezident bo’lishini ta’kidlayotgan bo’lsa, Ehsono’g’li hozirgacha amalda bo’lgan prezidentlik vakolatlariga mos tarzda, ya’ni uncha faol bo’lmagan davlat rahbari bo’lish tarafdori. Akmaliddin Ehsono’g’lining nomi tanilmagan shaxs ekani ham unga qarshi ishlaydi”, - deydi Ulgen.

Uchinchi nomzod Salohiddin Demirtosh kabi, Ehsono’g’lida ham amaldagi Bosh vazir Toyib Erdog’an ixtiyoridagi moliyaviy va ta’sir ko’rsatish imkoniyatlari mavjud emas.

Bu Ehsono’g’li uchun jiddiy kamchlik, deydi kuzatuvchilar. Ko’plab xususiy hamda davlat ommaviy axborot vositalari Erdog’an nomzodiga xayrixohlik ko’rsatayotgan bir paytda, Ehsono’g’lining xalq ichiga chuqur kirib borish imkoniyati cheklangan.

Ehsono’g’li nomzodini qo’llab-quvvatlayotgan muxolifatdagi Respublikachilar partiyasi orasida unga qarshi bo’lgan toifalar ham yo’q emas.

“Sekin-asta Akmaliddin Ehsono’g’lining shuhrati oshib bormoqda. Shu tariqa respublikachilar orasidagi o’ta ketgan dunyoviy tuzum tarafdorlari va kamolchilar e’tirozi susayib boradi. Ammo hammasi saylovga qancha odam chiqishiga bog’liq. Agar qatnashchilar darajasi 80-85 foizdan kam bo’lsa, bu degani, respublikachilar tarafdorlarining bir qismi ovoz bermaganini anglatadi. Natijada Erdog’an birinchi bosqichdayoq g’alaba qozonishi mumkin”, - deydi Ulgen.

Bosh vazir yordamchilarining bir qismi allaqachon Erdog’anning 10-avgust kuni 50 foizdan ortiq ovoz yig’ishini bashorat qilmoqda. Shunga qaramay, Erdog’an asosiy raqibi Ehsono’g’liga qarshi keskin tanqidlarini oshirib bormoqda. Bu esa, ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Erdog’anning Ehsono’g’li nomzodini jiddiy tahdid sifatida qabul qilayotganini ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG