Breaking News

Kurd isyonchilari Turkiya hukumatiga “ogohlantirish” berdi


Kurd isyonchilari 30 yillik mojaroni tugatishga qaratilgan islohotlarni amalga oshiring, deya Turkiya hukumatiga so’nggi bor ogohlantirish berdi.
Kurd isyonchilaridan Turkiyaga ogohlantirish/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:27 0:00
Yuklab oling

Tinchlik muzokaralari doirasida jangarilar yil boshida Turkiyani tark etishni boshlagan edi. Bosh vazirga ko’ra esa, bu jarayon oxiriga yetkazilmaguncha Anqara yon bermaydi.

Kurdiston ishchilar partiyasi, qisqacha “PKK” nomi bilan yuritiladigan guruh, Turkiya hukmron partiyasini va’dalarini bajarmayotganlikda ayblayapti.

Bizning a’zolarimiz Turkiyani tark etayapti, Iroqdagi bazalariga qaytayapti, deydi ular, lekin hukumat adliya tizimi islohotini haligacha boshlamadi, qamoqda o’tirgan minglab siyosiy faollarni ozod etmadi.

Kurdlarning Tinchlik va Demokratiya partiyasidan deputat Ertugrul Kurkchu ushbu vaziyat yuzasidan xavotirini yashirmaydi.

“Odamlar bezovta, orom yo’q. Ular erkin yashashni, turmushi yaxshilanishini, hayotida ijobiy o’zgarishlar bo’lishini kutyapti. Bu orzular ro’yobga chiqmasa, vaziyat izdan chiqishi hech gap emas”, - deydi Kurkchu.

Bundan tashqari, deydi u, hukumat kurd mahallalarida maxsus politsiyaxonalar barpo etayotgani bizni tashvishga solayapti.

Tinchlik jarayoni o’tgan yili Kurdiston ishchilar partiyasining hibsdagi yetakchisi Abdulla O’jalon va Turkiya razvedkasi o’rtasida muzokaralardan boshlangan edi.

Kelishuvga ko’ra, uch ming isyonchi Turkiyani tark etishi kerak. Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an bu jarayon oxiriga yetkazilmaguncha biror jiddiy qadam tashlagisi yo’q.

“Milliyat” gazetasi jurnalisti Kadri Gursel fikricha, vazirning bir ko’zi muzokaralarda, ikkinchi ko’zi kelasi yilgi saylovlarda.

“Erdog’an shunday bir paytni poylayaptiki, saylovchilarga “mana PKK qurolli kuchlari Turkiyani tark etishiga erishdik, bizdan hech narsa ketgani yo’q”, deb ayta olsin”, - deydi tahlilchi.

Xavotir shundaki, may oyida Istanbulning G’ozi parkida boshlangan isyon endi mamlakatning kurdlar yashovchi janubi-sharqiy mintaqalariga ham tarqalishi mumkin.

Asli Oydintoshbosh “CNNTurk” telekanalida ishlaydi:

“Isyondan saboq shuki, amaldorlar va’da qilingan islohotlarni kechiktirmasligi kerak, kurdlar bilan tinchlik kelishuvi ham shular jumlasidan. Jangarilar Turkiyadan butunlay oyog’ini uzsin, deb shart qo’yish yaramaydi, chunki mamlakatda ahvol shundoq ham tarang”, - deydi jurnalist.

Uning aytishicha, demokratik reformalar talabini ham dunyoviy guruhlar, ham ziyolilar, ham Erdog’anning partiyasiga ovoz bermagan aholining yarmi olg’a surayapti. Endi kurdlar ham bu harakatga qo’shilsa, hukumat juda qiyin ahvolda qoladi, deydi Asli Oydintoshbosh.

Qonunchi Ertugrul Kurkchu deydiki, kurdlar isyoni real xavf:

“Kurd harakatining yangi strategiyasi shundan iboratki, ular tinch namoyishlarga zo’r beradi. Hukumatga qarshi qurol ko’tarmaydi”.

Bu gaplar nimani anglatishi yaqin orada ma’lum bo’ladi. Kurdlarni yoqlovchi Tinchlik va Demokratiya partiyasi 1-sentabr kuni ommaviy aksiya uyushtirish niyatida. Erdog’an hukumatiga demokratik islohotlarni kechiktirmang, degan talab qo’yilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG