Breaking News

Istanbul uchun saylovda Erdog'anning partiyasi yana yutqazdi


Turkiyada hukmron partiya Istanbul merligi uchun qayta o'tkazilgan saylovda yana yutqazdi. Jumhuriyat xalq partiyasi nomzodi Akram Imomo'g'li 50 foizdan ko'p ovozni qo'lga kiritgan. Uning raqibi, bir paytlar bosh vazir bo'lgan Binali Yildirim mag'lubiyatini tan oldi.

Mart oyidagi saylovda ham Imomo'g'li yutib chiqqan. Ammo Prezident Rajab Toyib Erdog'anning shikoyati ketidan Turkiya Oliy saylov komissiyasi ovoz berish jarayonida qonunbuzarliklar kuzatilganini qayd etib, takroriy saylov belgilagan edi.

23-iyun kungi saylovda ishtirok yuqori bo'lgani aytiladi. Akram Imomo'g'li mart oyida raqibidan 13 ming ko'rpoq ovoz bilan, qayta saylovda esa 770 mingdan ziyod ovoz bilan g'alabaga erishdi.

Binali Yildirim va Akram Imomo'g'li
Binali Yildirim va Akram Imomo'g'li

"Saylov Turkiya uchun juda muhim. Demokratik tuzumga qaytishimiz kerak. Ehtimol yakkahokimlardan ko'pchilik charchagandir", - deydi pensioner Chingiz Demir.

Demir yakkahokim deb Prezident Erdog'anga ishora qilmoqda, raqiblari uni Turkiyani avtoritar davlatga aylantirganlikda ayblaydi.

Kuzatuvchilar deydiki, Akram Imomo'g'li siyosiy tarafkashlikka berilmagani, inklyuziv yo'lni tanlagani unga muvaffaqiyat olib keldi.

"Turkiya uchun umidga to'laman. Faqat Imomo'g'li o'zgarish qila oladi. Undan oldin juda umidsiz edim", - deydi Aysha ismli o'qituvchi.

Istanbulni boshqargan Turkiyani boshqaradi, deyishadi. Soliqlarning deyarli yarmi shu shahardan keladi. 1994-yilda Istanbul meri bo'lgan Prezident Erdog'an Binali Yildirim saylanishi uchun kampaniya olib bordi, o'z chiqishlarida muxolifatni manipulyatsiyada aybladi.

Tahlilchilarga ko'ra, Istanbul boy berilishi Erdog'an va uning Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) uchun ikkinchi mag'lubiyat va zarba bo'ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG