Breaking News

Turkiya ahli Suriya g'alayonining cho'zilganidan tashvishda


Suriya chegarasida Turkiya barpo etgan qochoqlar lageri
Suriya chegarasida Turkiya barpo etgan qochoqlar lageri
Yaqinda o’tkazilgan ommaviy so’rov natijasiga ko’ra, Turkiyada aholining faqat 18 foizi hukumatning Suriyaga doir siyosatini qo’llab-quvvatlamoqda. Rahbariyat xalq nazaridan qolayotgani qonli qo’zg’olon cho’zilib ketgani bilan bog’liq.

Turkiyaning Suriyaga oid siyosati, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00
Yuklab oling


Turkiya hukumati qarorida qat’iy: Bashar al-Assad ketishi kerak. Ammo Suriya muammosi borgan sari aholining tinkasini quritmoqda. Anqara pozitsiyasidan norozilar ko’p.

“Milliyat” gazetasi muxbiri Semih Idizning aytishicha, Turkiya rahbariyati inqilob boshlaniboq Assad rejimi qulaydi, deb xato o’ylagan.

“Nazarimda Assad hali-beri hokimiyatdan ketmasa, keyingi oylarda Anqara siyosatida o’zgarish ko’rishimiz mumkin. Bu safar yondashuv hech bir tarafning yonini olmaydigan, umimiy bo’ladi”, - deydi jurnalist.

Turkiya-Suriya chegarasi uzun ekani bois qo’zg’olon boshidan rasmiy Anqaraning boshi muammodan chiqmadi. Matbuot va muxolif partiyalar fikricha, Anqaraning Suriya siyosati muvaffaqiyatsiz.

Bosh vazir Rajab Toyyip Erdog’an qochoqlarni qabul qilishda Birlashgan Millatlar Tashkilotidan yordam ololmagani, suriyalik sunniy jangarilar, asosan, alaviy shialar yashovchi Xatay viloyatiga kiritilgani ham norozilikka sabab bo’lmoqda.

Turkiya parlamentida Tashqi siyosat qo’mitasi sobiq a’zosi Suat Kiniklio’g’lining aytishicha, bularning barchasi aholi orasida hukumatning Suriya siyosatiga e’tirozni oshirmoqda.

“Bu muammodan xabarimiz bor. Uni hal qilishimiz kerak. Lekin hozir eng asosiy masala Assad rejimini ketkazib, yangi Suriyani barpo etish. Turkiya pozitsiyasi qadriga keyinroq yetishadi”, - deydi siyosatchi.

Ammo tahlilchilar nazarida aholini norozi qilayotgan eng katta muammo bu Kurdiston Ishchilar partiyasi bilan davom etayotgan qurolli mojaro. Qariyb 30 yildan beri kurd jangarilari mamlakat janubi-sharqida ozodlik uchun kurashib keladi.

Istanbulda joylashgan EDAM tadqiqot instituti tahlilchisi Sinen Ulgenning aytishicha, Turkiya rasmiylari Assad rejimini kurd jangarilariga qurol uzatayotganlikda ayblaydi.

“Hukumat Suriya muxolifatini qo’llab-quvvatlash qimmatga tushayotganini yaxshi tushunib turibdi. Anqara Suriya oppozistiyasi uchun ko’p ishlar qildi. Endi Turkiyaning ortga qaytishi qiyin. Damashqda tezroq rejim o’zgarishini kutishdan boshqa yo’li yo’q”, - deydi tahlilchi.

Seshanba kuni kurdlar uyushtirgan navbatdagi hujumda Turkiyaning yetti askari halok bo’lib, 50 dan ortig’i yaralangan. So’nggi bir yil 1990-yillardan beri eng qonlisi bo’lgani aytilmoqda.

“Milliyat” muxbiri Asli Aydintashbashning aytishicha, Anqara Suriyaga oid qarashini emas, ichki siyosatini o’zgartirishi kerak.

“Turkiya kurd muammosining bir yoqli bo’lishini xohlamaydigan kurdlardan xavotir olsa arziydi. Suriya va Iroqda muhim rol o’ynashni istasa, Turkiya, avvalo, o’zidagi kurdlar bilan tinchlikka erishishi kerak”, - deydi jurnalist.

Bosh vazir Erdog’an terrorchilar qurolini tashlamaguncha, kurashni davom ettiramiz, deya qat’iy ahd qilgan. Hukumat ma’lumotiga ko’ra, so’nggi oyning o’zida 500 jangari o’ldirilgan. Ammo kuzatuvchilarning ogohlantirishicha, kurdlar amalga oshirgan har bir muvaffaqiyatli hujum ortidan Suriyaga doir siyosatga qarshi aholi e’tirozi oshishda davom etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG