Suriyada to'rt yil oldin boshlangan urush besh milliondan ortiq suriyalikni vatanini tark etishga majbur qildi. Bir yarim milliondan ortig'i Turkiyada. Qo'shni davlat va gumanitar ashkilotlar ularga yordam ko'rsatmoqda.
Shonliurfa shahridagi jamoatchilik markazida yosh suriyalik muhojirlar davrasidamiz.
Ular ikki do'stning bir qizni deb bir-biridan arazlab qolgani haqidagi hikoyani qog'ozga tushirayapti. Bu mashqlarning foydasi bor, deydi ikki yil oldin Suriyadan qochib kelgan va hozir markazda yoshlarga yordam berayotgan Mahmud Suleybi.
"Bu mashqlar odamda umid paydo qiladi. Biz ham hamma qatori yashab ishlay olamiz, deb aytishadi. Chunki ular Suriyadan Turkiyaga kelganda, hayotlarini qanday davom ettirishni bilmay umidsiz edi. Hayot davom etadi, degan tushunchani oddiy narsalardan boshlab o'rgatamiz", - deydi u.
Ko'p muhojirlar stress, xavotir va qo'rquvdan qiynaladi. Bundaylar psixolog ko'rigidan o'tadi.
Turkiyadagi hayotga ko'nikishga ko'mak beruvchi dasturlar ham bor. Masalan, turk tilini o'rgatadigan kurslar.
Boshqa bir xonada qizlar chevarlikni o'rganmoqda. Ular yuzlarini ko'rsatmaslikni so'radi. Bu ayollar o'z oilalari uchun yoki sotishga kiyim tikmoqda.
O'quvchilar o'qishi uchun yoki oila a'zolari bilan bog'lanishlari uchun markaz kompyuterlar va bepul internet bilan ta'minlangan.
Xodimlardan biri Umutjon Yuksalning aytishicha, mahalliy hayotga moslashish muhojirlar uchun oson emas.
"Turkiyaga birinchi kelishganda, ularni ko'plab mahallalar iliq kutib oldi. Ammo ijtimoiy va iqtisodiy muammolar odamlarni ajratyapti. Zo'ravonlik holatlari ham bor. Shuning uchun madaniyatlararo dasturlarni tashkil etdik", - deydi u.
18 oy oldin ochilgan markazning 34 xodimi va 100 ko'ngilli yordamchisi 20 mingdan ortiq muhojirga ko'mak ko'rsatdi. Yosh bolalar quvonchini ko'rish eng katta baxt, deydi Umutjon.
"Endi kelgan paytlari bolalar doim jim yurishardi. Ikki-uch oy o'tib ular o'ynay boshlashdi. Ularda o'ziga ishonch va hurmat ruhini tarbiyalayapmiz. Biz erishgan eng katta muvaffaqiyatlardan bu", - deydi markaz xodimi.
Dastlab, qochoq bolalar chizadigan suratlar ham faqat urush va zo'ravonlik haqida edi, deydi Umutjon. Hozir esa rasmlarda gullarni ko'rasiz.