Breaking News

Turkiyadagi suriyalik qochqinlarga qanday maqom berilgan?


Turkiya: Suriyalik qochqinlarga nisbatan salbiy qarashlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:11 0:00

Turkiya-Gretsiya chegarasida qochqinlar bilan bog‘liq vaziyat tarangligicha qolmoqda. Turk hukumati 28-fevral kuni Yevropaga borishni istagan qochinlarning yo‘li to‘silmasligini aytganidan beri minglab qochqinlar chegaraga kelgan, biroq ular grek xavfsizlik kuchlarining qattiq qarshiligiga duch kelmoqda.

Shunga qaramay, turk rasmiylarining aytishicha, 150 mingdan ziyod qochqin Turkiya orqali Yevropaga o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdog‘an 9-mart kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi yetakchilari bilan uchrashib, 2016-yilda tuzilgan qochqinlar bo‘yicha bitimni muhokama qildi. Biroq muzokaralarda aniq natijaga erishilmadi.

Mazkur kelishuvga binoan Yevropa Ittifoqi Turkiyaga 6 milliard yevro ajratishi va turk fuqarolarining Yevropada harakatlanishini osonlashtirishi kerak edi. Anqara ittifoqni bitimga amal qilmaslikda ayblab keladi.

Uch million olti yuz mingdan ziyod suriyalik qochqinni qo‘shib hisoblaganda hozir Turkiyada 4 million atrofida qochqin borligi taxmin qilinadi. Izmir shahridagi “Qochqinlarga ko‘mak jamiyati” rahbari, advokat Irem Gechmezga ko‘ra, qochqinlarning bunchalik ko‘p bo‘lishi har qanday davlat uchun katta yuk demakdir.

U Turkiyadagi qochqinlar uchun Yevropa chegaralarining yopilishi to‘g‘ri emas degan fikrda.

Urush tugasa ham, tugamasa ham, avvalgi halovat qaytmaydi Suriyaga. Urush bizni bir-birimizga dushman qilib qo‘ydi, insonlar bir-biriga ishonmay qo‘ydi.

“Yuzaga kelgan vaziyat uchun birgina Turkiya aybdor emas, Turkiya qo‘lidan kelganini qilyapti. Bu o‘rinda muammo mas’uliyatning xalqaro miqyosda taqsimlanmagani bilan bog‘liq. Davlatlar faqatgina mablag‘ ajratish bilan hal qila oladigan masala emas bu, yukni boshidanoq taqsimlash kerak edi. Chegaralarni yopib, qochqinlarni Turkiyaga qamash bilan ish bitmaydi. Buning oqibatlarini hozir ko‘rib turibmiz”, – deydi u.

Irem Gechmezning aytishicha, Turkiyadagi suriyalik qochqinlarning eng katta muammosi ularning maqomi bilan bog‘liq. Turkiyada ularga “qochqinlik” emas, balki “vaqtinchalik himoya” maqomi berilgan. Bu degani ular uchinchi xavfsiz mamlakatga chiqib keta olmaydi.

“Vaqtinchalik himoya” maqomi bilan suriyaliklar ishlashi va tibbiy xizmatlardan foydalana olishi, farzandlari maktablarda ta’limi olishi mumkin. Biroq amalda ular to‘siqlarga duch keladilar, deydi Gechmez. Uning ta’diklashicha, turk hukumatining suriyalik qochqinlar bo‘yicha siyosati hozirda samara bermayapti.

Oilasi bilan Suriyaning Latakiya shahridan Turkiyaga qochishga majbur bo‘lgan Bana Brooning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda suriyalik qochqinlar ro‘yxatga olinmayapti yoki ro‘yxatga olinishi uchun oylab kutishiga to‘g‘ri kelyapti. Shuningdek, u Turkiyada suriyalik qochqinlar haqida asossiz gap-so’zlar urchiganini, buning oqibatida mahalliy odamlarning qochqinlarga nisbatan munosabati yomonlashganini aytadi.

Davlatlar faqatgina mablag‘ ajratish bilan hal qila oladigan masala emas bu, yukni boshidanoq taqsimlash kerak edi.

“Suriyaliklarga nafaqa to‘lanyapti, ular universitetlarga imtihonsiz olinyapti, shifoxonalarda navbatsiz qabul qilinyapti singari mish-mishlar bor. Bular to‘g‘ri emas. Turkiyada boshqa chet elliklarga qanday muomala qilinayotgan bo‘lsa, suriyaliklarga nisbatan muomala ham shunday. Noto‘g‘ri tasavvurlarni yo‘q qilish kerak. Suriyaliklar haqida bir xil savollarni beraverishlaridan charchab ketdim. Hayotimiz yaxshi bo‘lganida, bu yerga kelmagan bo‘lardik”, - deydi Broo.

Uning aytishicha, Turkiyada juda og‘ir sharoitda kun kechirayotgan suriyaliklar anchagina va qochqinlar yo‘ldagi xatarlarga qaramay, yaxshiroq hayot ilinjida Yevropaga borishni istamoqda.

Egey universiteti tadqiqotchisi Pinar Bayram ham Turkiyada suriyalik qochqinlar haqida salbiy gap-so‘zlar ko‘p tarqalganini tasdiqlaydi. U Turkiyadagi siyosiy partiyalar va harakatlarning yoshlar qanotlari a’zolari suriyalik qochqinlar to‘g‘risida ijtimoy tarmoqlarda qanday fikrlar bildirganini o‘rgangan.

“Bu yoshlar – bo‘lg‘usi siyosatchilar, kelgusida qochqinlar bo‘yicha siyosatni ham aynan ular belgilaydi, – deydi u. – Ammo ularning suriyalik qochqinlar haqidagi tasavvurlarini ko‘p ham to‘g‘ri deb bo‘lmaydi”.

Tadqiqotchi Bayramga ko‘ra, turkiyalik siyosiy faol yoshlar umuman olganda suriyalik qochqinlarga ikki xil ko‘z bilan qaraydi: omon qolish uchun qochganlar va o‘z yurtini tark etganlar.

“Omon qolish uchun qochganlar haqidagi fikrlarga qaraydigan bo‘lsak, ularda ayollar va bolalarning tilga olinganini ko‘ramiz. Ularni yordamga va himoyaga muhtoj kishilar sifatida qabul qilishadi. Erkaklarni esa yurtini tark etgan jinoyatchi yoki urushdan qochgan qo‘rqoqlar deb qabul qilishadi va bu erkaklarning Turkiyada bo‘lishidan norozilar. Odatda ommaviy axborot vositalarida suriyalik qochqinlar salbiy bo‘yoqlarda ko‘rsatiladi, oxirgi ikki yilda bu holatning ijtimoiy tarmoqlarda ham kuchayganini ko‘ryapmiz”, - deydi u.

Tadqiqotchining aytishicha, turk yoshlari, siyosiy faol yoshlar uchun qochqin degan tushuncha begona. Ular uchun suriyalik qochqinlar nomigagina qochqin, aslida esa suriyaliklarni arab yoki turkman, do‘st yoki dushman sifatida qabul qilishadi. Xalqaro qonunlarga muvofiq qochqinlarning ham huquqlari borligi haqida unchalik tasavvurga ega emaslar. Qolaversa, turk jamiyatida yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga suriyalik qochqinlarni sabab qilib ko‘rsatuvchilar ham oz emas.

Bana Broo – bo‘lg‘usi jurnalist, ayni payt kasalxonada tarjimon bo‘lib ishlaydi. U turk fuqaroligini olgan, biroq kelgusida arab davlatlaridan biriga ketmoqchi. Suriyani sog‘insa-da, u yerga qaytish niyati yo‘q.

“Suriyada urush tugadi, avvalgi holatiga qaytdi desalar, balki qaytishim mumkin. Lekin endi avvalgidek bo‘lmaydi. Biz u yerda juda muhim narsani – halovatni yo‘qotdik. Urush tugasa ham, tugamasa ham, avvalgi halovat qaytmaydi Suriyaga. Urush bizni bir-birimizga dushman qilib qo‘ydi, insonlar bir-biriga ishonmay qo‘ydi. Urushdan avval hech kim “sen alaviyasan”, “sen sunniysan” yoki “sen nasroniysan” deb ajratmasdi. Lekin endi unday emas”, - deya afsuslanadi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG