Turkiya qiruvchi samolyotlari Suriyaning chegaraga yaqin Afrin shaharchasida kurd manzillariga qarshi o'q yog'dirishni boshladi. Havo hujumlari Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an hududni kurd jangarilaridan tozalash bo'yicha quruqlik orqali harbiy amaliyot boshlangani haqidagi e'loni ortidan kuzatildi.
"Anadolu" axborot agentligining yozishicha, Afrindan so'ng hujumlar Manbij shahriga ko'chadi.
Turkiya nazarida bu hududlarni nazorat qiluvchi Kurd demokratik ittifoq partiyasi va uning qurolli qanoti Turkiyadagi Kurdiston ischilar partiyasi bilan aloqador. Anqara bu guruhni terrorchi tashkilot deb biladi.
Xabarlarga ko'ra, Afrinda 8000 dan 10 minggacha kurd jangarilari bor.
Erdog'anning aytishicha, barcha qurollangan kurd guruhlari bir xil va nomini o'zgartirgani bilan ular terrorchi tashkilot bo'lib qolaveradi.
So'nggi kunlarda Anqara Suriyadagi kurd qurolli guruhlariga qarshi hujum boshlashi haqida ogohlantirib kelayotgan edi.
Turkiya amaliyotlarida Ozod Suriya armiyasi jangchilari ham qatnashmoqda. Assad rejimiga qarshi kurashayotgan bu muxolif guruhni Anqara qo'llab-quvvatlab keladi.
Turkiya o'z chegarasi yaqinida mustaqil kurd davlatining paydo bo'lishidan xavotirda. Bu Turkiya ichidagi kurd isyonchilarini yanada kuchaytirib yuborishi mumkin.
Ayni paytda Rossiya Turkiyaning harbiy amaliyot boshlashiga qarshilik bildirmagani aytilmoqda. 2015-yil Assad rejimini himoya qilib Suriyaga harbiy samolyotlarini kiritgan Rossiya Afrin havo sarhadlarini ham nazorat qiladi. Turkiya harbiylari amaliyot haqida gaplashish va Rossiya roziligini olish uchun shu hafta Moskvaga tashrif buyurgan.
AQSh Turkiyani kurdlarga qarshi kurash boshlashdan qaytarib, e'tiborni IShIDga qarshi qaratishga undagan edi. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ham bu amaliyot Suriyadagi vaziyatni yanada izdan chiqarishidan xavotir bildirdi.
Facebook Forum