Turkiya ko’hna suryoniy nasroniylar uchun vatan hisoblanadi. Bugun bu xalq avlodi butun Yaqin Sharq bo’ylab tarqalgan. O’tgan asrning 90-yillarida Turkiyada kurdlar bilan qonli ixtilof kuchaygach, tarixi birinchi milodiy asrga borib taqaladigan bu diniy elat mamlakatni tark eta boshladi. Bugunga kelib ularning yana ona yurtlariga qaytayotgani kuzatilmoqda. Ammo so’nggi yillarda Turkiya janubida avliyo Jabroil ibodatxonasiga qarshi bir necha sud ishi qo’zg’atililishi oqibatida aksar suryoniylar vatanga qaytishdan umidini uzmoqda.
Avliyo Jabroil ibodatxonasi qo’ng’irog’i 1600 yildan beri odamlarni ibodatga chorlab keladi. Bino ming yillar davomida forslar, arablar, mo’g’ullar hamda kurd va turk bosqinlaridan omon chiqqan. Obidaga zamonaviy Turkiya Respublikasi ham ko’z tikkan.
Ibodatxonani boshqaruvchi Avliyo Jabroil jamg’armasi raisi Kuryakos Ergunning aytishicha, Turkiya sudi imorat joylashgan yerni davlat tasarrufiga o’tkazish haqida qaror chiqargan. Ko’hna obidaning yashab qolishi savol ostida, deydi u.
“Boshqa yerlarimiz ham bor, ularni ham tortib olishadi, deb qo’rqyapmiz. Biz bu joylarda ming yillardan beri yashab kelamiz. Agar bu biz suryoniy nasorolar bo’lganimiz uchun ro’y berayotgan bo’lsa, bilmadim, nima deyish mumkin”, - deydi jamg’arma rahbari.
Da’voga ko’ra, cherkov masjid ustiga qurilgan, ammo ibodatxona Muhammad payg’ambar tug’ilishidan ikki asr oldin qad ko’targani aytiladi. Viloyat prokurori bu ishni o’rganmoqda.
Yayvantepa kabi qo’shni musulmon qishloqlar aholisi yerga da’vo bilan chiqqan. Yayvantepa hokimi Ismoil Erkalning aytishicha, nasroniylar bu yerlarni adolatsizlarcha tortib olgan.
“Hamma o’z so’zini o’tkazishga urinyapti. Biz bunday haqsizlikni qabul qila olmaymiz. Biror kishi bizga adolatsizlik qilsa, unga qarshi bor kuchimiz bilan kurashamiz. O’zimiz eplolmasak, davlatga shikoyat qilamiz”, - deydi u.
Hududda kurdlar isyoni bir oz tinchigani bois suryoniy nasorolar yana Turkiyaga qaytish taraddudiga tushgan. Rudi Sumer sud ishida ibodatxona uchun advokatlik qilmoqda. Uning aytishicha, turk qishloqlari suryoniylarni da’vo ishlari bilan kutib olmoqda.
“Ular hududni tark etgan suryoniylarning yerlarini egallab olgan edi. Endi esa bu yerlarning o’zlariga tegishli ekanini da’vo qilmoqda. Ish sudgacha yetib bordi”, - deydi advokat.
Kafko ana shunday qishloqlardan biri. Bu yerga yetti yil oldin qaytib kelgan Isroil Demir va qishloq ahli orasida huquqiy ziddiyatlar borgan sari kuchayib bormoqda. Endi nima qilishga ham hayronman, deydi u.
“Biz suryoniylar yo’qolib ketmasin, tarixga aylanmasin, deb qaytdik. Buning mas’uliyatini zimmamizga olganmiz. Hech bo’lmaganda, 10-15 oila qaytibdi, xudo ularga yordam bersin, deb bizni kimlardir yaxshi nom bilan eslar, degan umiddamiz”, deydi Isroil.
Suryoniylar bu yerni urush sabab tark etgan edi. Endi esa sud ishlari ham ularni siqib chiqarishi mumkin.