Breaking News

Nyu-Yorkdagi uyg'urlar: Vatan bilan uzilgan aloqa azobi


Amerikadagi uyg'urlar: Qarindoshlarimiz taqdiridan bexabarmiz
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:47 0:00

Nyu-Yorkda dunyoning turli burchaklaridan kelgan immigrantlar orasida uyg'urlar ham o'z o'rnini topib yashab kelyapti. Ularning aksariyati qochqinlar. Amerikada o'rnashgan sharqiy turkistonliklarga ko'ra, ular o'z yurti va yurtdoshlari taqdiriga befarq emas. Ammo vatanga yuborilgan xat yoki qilingan qo'ng'iroqning bahosi qimmat - qarindoshlar ta'qibu-tazyiqlardan qutulolmasligiga kafolat yo'q.

Ana shunday bir vaziyatda ham ular tarixiy vatani ichkarisiyu-tashqarisida nimalar bo'layotganini bilishga oshiqadi.

"Xudo xohlasa, Sharqiy Turkiston ozod bo'lsa, biz ham O'zbekiston kabi boy bo'lamiz", - deydi 65 yashar Solih Ro'zihoji, sharqiy turkistonlik uyg'ur.

U 1979-yildan buyon Amerikada yashaydi, Nyu-Yorkda do'koni bor. Ishdan uyga kelgach, "YouTube"da chiqadigan "Istiqlol TV" axborot dasturini ko'radi. O'z yurti, Sharqiy Turkistonda nimalar bo'layotganini bilish uchun internetga murojaat qiladi.

"Shularning axborotiga qarab o'zimiz xulosa chiqaryapmiz", - deydi u.

Eshitayotgan va ko'rayotgan xabarlari biri-biridan ko'ngilni xira etadi.

"Vaziyat achinarli. Urush bo'lmagan mamlakatda 800 ming bola yetimxonalarda. Urush bo'lmagan mamlakatda! Sababi, hammani yig'ib olib ketishgan. Ota-onasi [lagerlarga] kirib ketgan. Kimdir buvisida, bobosining qo'lida qolgan. Boshqalarini yaqinlari qaray olmaganidan [davlat] olib ketgan, bahona tayyor. Yetimxonalar lagerdan battar, siyosatchilar bolalarning bolalik davrini yo'q qilib tashlayapti. Bolalarni ham hayvonni qafasda saqlagandek saqlashyapti", - deydi Solih Ro'zihoji.

U qarindoshlari taqdiridan bexabar.

"Ularning taqdiri to'g'risida Ollohdan boshqa hech kim bir narsa deyolmaydi. Uch yil bo'ldi, taxminimcha, uch yildan ham oshdi, umuman aloqamiz uzilgan".

89 yoshni qarshilagan, Nyu-Yorkda yashovchi uyg'ur xalqi ziyolisi va faoli G'ulomiddin Paxta qarindoshlaridan olgan so'nggi xatini shunday tasvirlab beradi:

"72 ta qarindoshim bor. Ular menga hojilardan xat yuboribdi, chunki pochta orqali yuborolmaydi. Hojilar esa menga yetkazishdi. Deydilarki, sizdan bir iltimosimiz bor, G'ulomiddin, aslo va aslo bizga xat yozmang, bizga aslo telefon qilmang, biz siz bilan qiyomatda ko'risharmiz. Haqqimizni halol qildik, agar sizdan bir xat kelsa yoki telefon bo’lsa, bizning butun sulolamizni to'plab olib kelib qiynaydi, uradi. Balki otib tashlaydi. Shuning uchun bizni unuting".

Otaxon umri bo'yi yurt ozodligi orzusi bilan yashab keladi. U yurt erki qo'ldan ketgan davrlarni yaxshi eslaydi. G'ulomiddin Paxta shunda 19 yoshda bo'lgan.

"1949-yilda Xitoy Xalq ozodlik armiyasi bizning yurtimizga kelishidan sakkiz kun avval xabar keldi. "8 kundan keyin armiya Qashqarga yetib keladi" degan xabar edi. Shunda butun millat qo'zg'alib ketdi. Qashqarda Id Kah jome’ masjidi bor. Shu Id Kahda katta xat yopishtirildi. 1949-yili 9-oyning 26-kunida. Sentabrning 26-kuni shu xat yopishtirildi. Unda shunday deyilgandi:

"Siz bugundan boshlab, butun xalq, uyg'urlar ozod bo'ldingiz. Sizlarning yurtingizni gomindanlardan, ya'ni Shen Shisay hukumatini ag'darib tashlab, biz, Kommunistik partiya, Mao Tzedun rahbarligidagi yangi hukumat hokimiyatni o'z qo'liga oldi. Bu yangi hukumat kelishi bilan birga sizlarga va'da beradilar, qarang shu so'zni, va'da beradilar, sizlarning diningizga, tilingizga, hech bir urf-odatingizga qo'l tekkizmaydi, ruxsat beradi, sizning diningizni, tilingizni, matbuotlaringizni, nashriyotlaringizni hammasini saqlaydi. Himoya qiladi. Sizning yer-zamin, uy-joylaringizning hammasi hukumat kafolati ostida, hech bir millat boshqa millatdan ustunlik qilolmaydi, hamma millat barobar. Hech bir millat boshqa millatni men katta millat deb ezolmaydi". Shunday yaxshi gaplar bor edi, chiroyli va'dalar berilgandi".

Va'dalar puch bo'lgani tezda ma'lum bo'ladi. G'ulomiddin Paxta kabi erkparvarlar vatanni tark etadi. Otaxonning eslashicha, 1949-50-yillarda 11 mingdan ortiq sharqiy turkistonlik o'z yurtidan qochadi. G’ulomiddin Paxta ota-onasi bilan avval qo'shni Hindiston, so'ng Turkiyaga ko'chib ketadi. Ilm izlab Germaniyaga yo'l oladi. 1966-yildan AQShda doimiy yashaydi.

"Shu xat yopishtirilgandan keyin shu qadar ko'p xitoylar keldiki, o’sha zamon biz chiqib ketdik", - deydi u.

Shinjon-uyg'ur avtonom rayonida yillar davomida yuritilayotgan siyosat kommunistlarga xos - qonun va qog'ozdagilarning aksi bo'lib ketdi.

"Qisqacha qilib aytsam, xitoylar yurtimizga, uyg'urlarga ikki yo'lni ko'rsatdi: Yo sen diningdan, tilingdan, madaniyatingdan, tarixingdan, har narsangdan voz kechib, xitoy bo'lasan, xitoy bo'lib yashaysan yoki o'lasan. Shu ikki yo'l. Yo yashamoq uchun xitoy bo'lasan, yo o'lasan", - deydi Paxta.

Uning aytishicha, Xitoyda ozchilikdagi 52 ta elat vakillari yashaydi, ularning vaziyati ham orzu qilar darajada emas, ammo mushtning kattasi sharqiy turkistonliklar boshiga kelib tushgan. Bunga hudud joylashuvi, u yerdagi tabiiy boyliklar va, albatta, dindorlar talabi sabab deb ko'rilyapti. So'nggi tazyiqlar shunchalik kuchayganki, endi ozodlik kurashchilarining tarkibi ham tubdan o'zgargan, deydi Paxta.

"Hozir bizning eng katta kuchimiz xonimlar bo'ldi, xotinlar. Xotin-qizlar avvallari aralashmas edi. Namoyishlarga uncha chiqmas edi. Hozir bizning qizlarimizni xitoylar zo'rlik bilan - men buni tajovuz deyman - nikohsiz, zo'rlik bilan xotinlikka olayotgani uchun butun uyg'ur xotinlari g'azabga kelgan. Ular bizdan ham o'tib ketgan va ko'pchilik bilan namoyishlarga chiqyapti. Bundaylar orasida o'qimishlilari juda ko'p", - deydi otaxon.

Nyu-Yorkdagi har bir uyg'urning xonadonida to'n, cholg'u asbobini ko'rasiz. Aksariyati besh mahal namozni kanda qilmay mahalliy masjidda o’qiydi. G'ulomiddin Paxta uyg'urligidan g'ururlanadi, musulmon ekanligini yashirmaydi. Zero, u erkin va ochiq jamiyatda - Amerikada yashaydi.

O'z yurtida erkin yashash huquqiga tezroq ega bo’lish uchun keksa otaxon hamon dod-faryod qiladi. Shu yil boshida Nyu-Yorkda Xitoy bosh konsulligi oldida namoyishga chiqib, so'nggi yillarda yurtdoshlarining huquqi G'arbdagi uy hayvonlarnikidan qadrsizlanganini aytib hayqirgan.

Solih ota esa har kuni xushxabar poylab televizorga tikiladi. Hozircha Malayziya va Turkiya hukumatlarining uyg'urlar kechinmalariga befarq bo'lmayotgani unga taskin beradi.

"Malayziya Xitoy bilan ancha ko'p kontraktlarni buzgani eng katta yaxshi xabarlardan. Turkiyada ham bir katta shirkat shu Xitoy bilan bo'ladigan muomalani yig'ishtirdi. Oldi-berdi qilmaydigan bo'ldi. Agar shunday qilib Xitoyning moliga boykot qilsa mamlakatlar, Xitoy o'zini boqolmaydi baribir. Dunyoga muhtoj bo'ladi", - deydi Solih Ro'zihoji.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG