Breaking News

Qrim va Ukraina o'rtasida savdo aloqalari uzilib qolgan


Qrim va Ukraina o'rtasidagi savdo aloqalari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:44 0:00

Rossiya Qrimni egallab olganidan beri G'arb va Moskva aloqalari so'nggi 20 yil ichida eng quyi nuqtaga yetdi. Qora dengiz bo'yidagi yarimorol Ukrainadan butunlay uzilib qolgan. Savdo aloqalari cheklangan bo'lib, tovarlar, asosan, kemalar orqali tashilmoqda. Bu esa narxlarning oshishiga va mahsulot sifatining pasayishiga sabab bo'lmoqda.

"Olmos oyna dizayni" kompaniyasi Ukraina orqali Yevropaning yuqori sifatli oynalarini olardi. Yarimorol Rossiyaga qo'shilgandan beri ta'minot uzildi.

Kompaniya egasi Vitaliy Kucheryaviy endi Rossiyadan sifati past mahsulotlarni olishga majburmiz, deydi.

"Ishimiz, uyqusiz kechalarimiz ko'paydi. Ta'minot bo'yicha, materiallar bo'yicha muammolar oshgan. Hozirgacha ularni bir yoqli qila olmadik", - deydi u.

Kucheryaviyning aytishicha, Rossiya nazorati ostida maoshlar oshgan bo'lsa ham, aholining xarid quvvati susaygan va daromad ozaygan.

Yevropaning yaxshiroq dastgohlarini olish uchun hukumat kichik bizneslarga kredit berishi kerak, deydi u.

Oleg Krinitsinning pishloq do'konlari mahsulotni Ukrainadan olardi. Ilgari bir kunni olgan mahsulot endi bir haftada ham yetib kelmayapti, deydi u.

"Qrim tomonda chegarachilar va bojxona xodimlari qattiq tekshiryapti. Yuk mashinalari u yerda haftalab qolib ketyapti. Yangiliklarga qarasangiz, mashinalarni Ukraina tomoni ushlab qolyapti, deb yozishyapti. Aslida buning aksi", - deydi tadbirkor.

Ukraina bilan biznes qilish qiyinlashgani bois Krinitsin Rossiyadan yangi ta'minotchilarni topishga majbur. Ammo bu oson emas.

"Yaqin orada jiddiy biznes hamkorligini yo'lga qo'yishni rejalamayapmiz. Chunki siyosat shamoli qaysi tarafga qarab esishini bilmaymiz. Bir kun kelib hammasi joyiga tushishi kerak. Shundan keyingina bu yeda qolishimiz kerakmi yoki biznesni yopib Qrimdan ketishimiz kerakmi, shu haqda bir qarorga kelamiz", - deydi pishloq do'konlari egasi.

Rossiyaning ayrim kompaniyalari esa Qrimda daromad qilishning yangi imkoniyatlarini ko'rmoqda.

Masalan, sanoat nasoslarini sotuvchi "Spesnasprom" may oyida Qrimda o'z bo'limini ochdi.

"Biz bu nasoslarni Prezident Putin ishlab chiqqan "Qrimni suv bilan ta'minlash" federal dasturi doirasida sotyapmiz. Ya'ni, suv masalasida hudud Ukrainaga qaram bo'lmasligi kerak", - deydi kompaniya direktori Igor Goncharov.

Ta'minot va savdodagi qiyinchiliklarga qaramay, kelajakdan umid katta, deydi mahalliy rasmiy Sergey Gorbachev.

"Sanksiyalar hayotimizga jiddiy salbiy ta'sir qilmadi. Oddiy odamlarning kayfiyati yaxshi. Biz kelajakka ishonamiz. Ularda kelajakni ko'ryapmiz. Kelajak ona Rossiya bilan birga rivojlanish orqali bo'ladi", - deydi u.

Hozircha Qrim iqtisodiyoti faqat naqd pul asosida ishlayapti. Jazo choralari bank tizimini ishdan chiqargan, inflyatsiya darajasi oshgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG