Breaking News

AQShdagi ukrainlar Rossiya harakatlariga qarshi


Qrimda Ukrainadan ajralib chiqish yuzasidan referendumga tayyorgarlik avjida. AQShda yashovchi ukrainlar esa Kongress a’zolariga murojaat qilmoqda. Ammo hozircha ular Ukrainaga faqat moliyaviy va diplomatik yordam ko’rsatishni so’rashi mumkin.

Pensilvaniya shtati, Karnegi shahridagi Muqaddas Pyotr va Pavel cherkoviga yig’ilgan ukrainlar Rossiyaning Qrimdagi harakatlarini qoraladi.

Hanna Chumachenko Lassanski AQShga 15 yil avval ko’chib kelgan. Ukrainadagi qarindoshlari yashaydigan hududga Rossiya qo’shinlarining kirib borganini chuqur xavotir bilan kuzatdi.

“Oilam Qrim yaqinida yashaydi. Qrim Rossiya uchun birinchi qadam ekanini hamma yaxshi tushunyapti. So’ngra Ukraina sharqi va janubi ham bosib olinadi,” - deydi u.

Lassanski va yana 50 dan ziyod amerikalik ukrain AQSh Kongressi a’zosi Tim Myorfiga murojaatnoma yo’llash uchun yig’ildi. Rossiyaning harbiy intervensiyasini qoralash zarur, deydi ular.

“Amerika siyosatchilari bir narsani tushunishi kerak: Putin ro’kach qilayotgan madaniy va tarixiy rishtalar ahamiyati aslida katta emas,” - deydi Lassanski.

Kongressmen Myorfi amerikalik ukrainlar tashvishlarini yaxshi tushunaman, ularning arzini diqqat bilan tinglayapman, deydi.

“Bu odamlar cho’pchak aytayotgani yoki faqat gazetalarga tayanib, xulosa qilayotgani yo’q. Ular Ukrainadagi qarindoshlari bilan doimiy aloqada. Vaziyat yaxshilanadi, Qo’shma Shtatlar yordam beradi, Ukraina o’z kelajagini o’zi belgilashga haqli ekani e’tirof etiladi, degan umidda ular. Qo’shilaman bunga”.

Ammo aksariyat amerikaliklar AQShning Afg’oniston va Iroq urushlaridagi ishtirokidan charchagan. Ukrainadagi vaziyatga harbiy hissa qo’shmoqchi emas.

“Amerika fuqarosi sifatida mamlakatimning Ukrainaga qo’shinlar yuborishini istamayman.” - deydi ruhoniy Timoti Tomson. U Muqaddas Mariya ukrain pravoslav cherokovini boshqaradi.

“Biz ularni ma’nan qo’llab-quvvatlashimiz kerak. Muammo bilan yo’lg’iz o’zi yuzlashmayotganini bilishsin. Shunda ular kurashni davom ettira oladi, kuchiga kuch qo’shiladi,” - deydi ruhoniy.

“Kongress Ukrainaga moliyaviy yordamni ovozga qo’yishi mumkin. Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etish qarorini qo’llab-quvvatlashi mumkin. Albatta, bizning Rossiya harakatlarini qoralab, Ukrainani qo’llashimiz odamlar uchun juda muhim. Bu Amerika hukumati Ukraina hukumati tarafida ekanini namoyish qiladi,” - deydi Kongress a'zosi Myorfi.

Ammo bunday yondashuv Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Qrimga yuborilgan qo’shinlarni qaytarib olishga undagani yo’q. Qrimda Ukrainadan ajralib chiqish masalasi ko’rilar ekan, mojaro davom etadi, demak Pensilvaniyadagi ukrainlar tashvishlari ham ortadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG