Breaking News

Ukrainada sulhga erishilgani ortidan yana olishuvlar


Debaltseve yaqini, Ukraina sharqi. 13-fevral, 2015-yil.
Debaltseve yaqini, Ukraina sharqi. 13-fevral, 2015-yil.

Ukraina rasmiylarining aytishicha, sulh haqidagi xabarlarga qaramay, bir kecha-kunduzda mamlakat sharqidagi olishuvlarda sakkiz askar halok bo'lgan. Yana 34 harbiy yarador. Minskda to'rt davlat ishtirokida erishilgan sulh yakshanba kuni kuchga kirishi kerak.

Ayniqsa, Debaltseve shahri atrofida qattiq janglar ro'y bergan. Hudud muhim transport uzeli hisoblanadi, biroq olishuvlar sababli temir yo'l qatnovi to'xtab qolgani aytiladi.

Ukraina, Rossiya, Germaniya va Fransiya rahbarlari Belarusda payshanbaga o'tar kechasi 16 soat muzokara qilib, sulh bitimini ma'qullagan edi. Unga ko'ra, qo'shinlar va og'ir qurollar Rossiya chegarasidan olib chiqiladi, asirlar almashilib, yakshanbadan e'tiboran otishma to'xtatiladi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun to'rt rahbarning sa'y-harakatlarini olqishlamoqda. Taraflar kelishuvga birday amal qilishidan umidvormiz, deydi u.

Fransiya Prezidenti Fransua Olland bitimni muhim siyosiy yechim, deya ta'riflaydi. Germaniya kansleri Angela Merkel esa kelishuv odamlarda umid uchqunini paydo qiladi, degan fikrda. Shu bilan birga, kansler o'rtada hal qilinmagan muammolar talay va hali ko'p ish qilinishi kerak, deya eslatadi.

Rossiya rahbari Vladimir Putin esa eng muhim masalalar, jumladan, qurol-aslahani mojaro zonasidan olib chiqish borasida yakdillikka erishildi, deydi.

Qo'shma Shtatlar ittifoqchilar bilan muntazam aloqada, biroq Minskdagi sammitda qatnashmadi. Oq uy nazarida sulh tinchlik sari muhim qadamdir.

Prezident Obama Belarusdagi muzokaralar xulosasiga qarab Ukrainaga qurol berish yoki bermaslik haqida qaror qabul qilmoqchi.

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko isyonchilar o'rnashib olgan sharqiy viloyatlarga muxtoriyat berilgani yo'q, deya eslatadi.

Rossiya sharqiy oblastlarga qurol yoki askar jo'natmayotganini ta'kidlab keladi. 10 oydan beri davom etayotgan ziddiyat salkam 5400 kishini hayotdan olib ketdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG