Breaking News

Lavrov: Rossiya isyonchi hududlarning Ukraina tarkibida qolishini istaydi


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (o'ngda) va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rimda, Italiya, 14-dekabr, 2014-yil
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (o'ngda) va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rimda, Italiya, 14-dekabr, 2014-yil

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Interfaks axborot agentligiga bergan intervyusida aytishicha, Rossiya Ukraina sharqida isyonchilar nazoratidagi hududlarning mamlakat tarkibida qolishini istaydi.

"Rossiya Kiyevdagi hukumat va isyonchilar o'rtasidagi nizoga yechim topishda yolg'iz o'zi harakat qilyapti. Ukrainada konstitutsion islohotlar o'tkazilib, barcha hududlar va siyosiy kuchlar jarayonga jalb etilishi lozim", - deydi u.

Lavrovning aytishicha, Kiyev sharqdagi hududlar uchun moliya ajratishda davom etishi kerak.

"Mintaqada yashovchi rusiyzabon xalq o'z tilida so'zlashish imkoniyatiga, mamlakatning bir qismi ularga majburlab o'tkazayotgan sanalarni emas, balki o'zlari qadrlagan bayram va xotira kunlarini nishonlash imkoniyatiga ega bo'lishi lozim", - deydi Lavrov.

Rossiya vaziri Ukrainaga 350 million dollarlik harbiy yordam berishni ko'zlovchi qonun loyihasining AQSh Kongressda qabul qilinganini tanqid qildi. Prezident Obamaning imzosisiz hujjat kuchga kirmaydi.

Davlat departamenti Ukrainaga qurol yubormaymiz, faqat zirhli jilet va aloqa vositalari, xolos, demoqda.

Lavrov kecha AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan Rimda Ukrainadagi vaziyat hamda shu qonun xususida fikr gaplashgan.

Uchrashuv tafsilotlari ma'lum emas, ammo Davlat departamenti rasmiysining aytishicha, Kerri Minskda imzolangan sulh shartlariga yana bir bor urg'u bergan. 5-sentabrdan beri Ukraina armiyasi va isyonchilar sulhni bir necha bor buzgan. O'tgan hafta tomonlar otishmani to'xtatishga yana bir bor kelishib oldi.

BMT hisobiga ko'ra, Ukrainada aprel oyida mojaro boshlanganidan beri sharqiy hududlarda 4707 odam nobud bo'lgan. BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissariati Ukraina armiyasi va isyonchilarni inson huquqlarini poymol etayotganlikda aybladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG