Ukraina sharqida Malayziya Havo yo'llariga tegishli samolyot qulagan. Layner Ukraina ustidan uchayotganda pilotlar bilan aloqa uzilgan.
Boeing-777 samolyoti 280 yo'lovchi va 15 ekipaj a'zolari bilan Amsterdam shahridan Kuala Lumpurga uchayotgan bo'lgan. Barchasi halok bo'lgan.
Ukraina hukumati va Rossiyaga xayrixoh isyonchilar voqeada bir-birini ayblamoqda. Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Anton Gerashenko samolyotni raketa bilan urib tushirgan "terrorchilar", deya sharqda faol bo'lginchilarga ishora qildi.
Aviahalokat haqida xabarlar tarqalishidan sal avval separatistlar Torez shahri yaqinida Ukraina havo kuchlariga tegishli An-26 harbiy samolyotini urib tushirgani haqida internetda e'lon qilgan edi.
Ammo isyonchilarda 10 ming metr balandlikda uchayotgan samolyotni nishonga olishga qodir qurollar bormi? Bu ma'lum emas. Malayziya layneri qulagan Grabovo qishlog'i Rossiya chegarasiga yaqin. So'nggi payt Ukraina armiyasi va ayirmachilar o'rtasida og'ir janglar shu yerda kechgan.
Malayziya hukumati halokatdan dahshatda va zudlik bilan surishtiruv boshlagan. Dastlabki xulosa shuki, samolyot otib tushirilgan. Yerdan nishonga olingan. Qo'shma Shtatlar tekshiruvi ham shuni ko'rsatgan.
AQSh hukumati Ukraina bilan yaqindan ishlayotganini bildirib, voqeani aql bovar qilmaydigan fojia deb atamoqda.
Prezident Barak Obama Ukraina, Rossiya va Malayziya rahbarlari bilan alohida gaplashgan va xalqaro tergov boshlashga kelishib olgan. Halokat joyidan hech bir isbot-dalil mamlakatdan chiqib ketmasligini ta'minlash kerak, deydi u, Delaver shtatidan turib qilgan bayonotida.
Kecha Obama Oq uydan turib Rossiya siyosatini qoralagan, uni Ukraina tinchligini buzayotganlikda ayblab, yangi sanksiyalar e'lon qilgan edi. Obama bugun Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon muloqotda bu qarorini himoya qilgan va suhbatdoshini maqsadi tinchlik ekanini isbotlashga chaqirgan.
Vashington bugungi halokatda Rossiyani ochiq ayblayotgani yo'q, ammo agar ayrim ma'lumotlarda aytilayotganidek, hujumni rusparast bo'lginchilar amalga oshirgan bo'lsa, ularga samolyotni otib tushirishdek qudratga ega qurol va vositalarni bergan tomon Rossiya ekani oydek ravshan, deydi rasmiylar.
Kreml va separatistlar o'z qilmishlari uchun javob berishiga to'g'ri keladi. Hozirgi asosiy vazifa yo'lovchilarning yaqinlariga bu mash'um xabarni yetkazib, ularning dardini tinglash hamda haqiqatni aniqlash.
Vladimir Putinning ta'kidlashicha, halokat uchun Ukraina hukumati javobgar.