Breaking News

Yevropa Ittifoqi yig'ini oldidan Rossiya Ukrainaga bosimni kuchaytirmoqda


Rus rasmiylari Ukrainaning Yevropa ittifoqiga qo'shilishini "iqtisodiy xudkushlik" deya atamoqda.
Rus rasmiylari Ukrainaning Yevropa ittifoqiga qo'shilishini "iqtisodiy xudkushlik" deya atamoqda.
Rossiya va Yevropa Ittifoqi Ukraina kelajagi yuzasidan raqobat urushini davom ettirmoqda. Kreml Rossiyaning qariyb uchdan biriga teng Ukrainaning Yevropaga boy berilishiga tish-tirnog’i bilan qarshi.
Ukraina-Rossiya munosabatlari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:52 0:00
Yuklab oling
Prezident Putinning iqtisodiy integratsiya bo’yicha maslahatchisi Ukrainaning Yevropa Ittifoqi sari yaqinlashuvi “iqtisodiy xudkushlik” bilan teng bo’lishi haqida ogohlantirdi.
Ukrainaning og’ir sanoatdan tortib shokolad ishlab chiqaruvchi fabrikalarigacha – aksariyat obyektlar mamlakatning eng katta savdo hamkori Rossiya chegarasi yaqinida joylashgan.

Azaldan rus madaniyati va dinining beshigi bo’lib kelgan Ukrainaning to’satdan Yevropaga qo’shilish o’yiga tushgani Kremlning pinagini buzdi.

Moskvada chiqadigan “Vedomosti” gazetasi muharriri Maksim Trudolyubovning aytishicha, agar Ukraina shu oy oxirida Vilnyusda bo’lib o’tadigan yig’inda Yevropa bilan Ittifoqchilik bitimini tuzadigan bo’lsa, Kreml javob choralarini ko’rishga o’tadi.

“Kreml Ukrainaga nisbatan qattiq choralar ko’rishi mumkin. Turli choralar, lekin hammasining oqibati juda og’ir bo’ladi. Biroq boshqa tomondan, Ukrainaga jiddiy zarar yetkazish Kremlning manfaatlariga to’g’ri kelmaydi”, - deydi u.

Vilnyusdagi uchrashuvda to’rt sobiq Sovet respublikasi Yevropa bilan Ittifoqchilik bitimini tuzishi kutilayotgan edi.

Ulardan biri Armaniston Rossiya bosimiga taslim bo’lib, Moskva yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishga rozi bo’ldi. Qolgan uch davlat – Ukraina, Moldova va Gruziya esa Yevropaga qo’shilish qarorida qat’iy.

Ular orasida eng ko’p tilga olinayotgani - Ukraina. U sobiq sovet respublikalari orasida Rossiyadan so’ng ikkinchi eng ko’p aholiga ega mamlakat hisoblanadi.

Kremlparast tahlilchilarning aytishicha, Ukrainani Yevropaga tortishda “Polsha imperializmi” muhim rol o’ynamoqda. Ular, shuningdek, azaliy og’a-ini Rossiya va Ukraina o’rtasida bo’linish paydo bo’lishida AQShni ham ayblaydi.

Rossiya Strategik tadqiqotlar instituti tahlilchisi Sergey Mixaylovga ko’ra, Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldovaga infratuzilmani qo’llab-quvvatlash bo’yicha kerakli yordamni berishga ojiz.

Bu mamlakatlar xuddi Bolgariya va Ruminiyaga o’xshab ikkinchi darajali davlatlarga aylanib qoladi, deydi u.

Ukrainaga nisbatan bosim esa tobora oshib bormoqda. Mamlakat parlamenti Yevropa Ittifoqi talab qilgan qonunlarni qabul qilishni uch bora ortga surdi. 28-noyabr kuni Litvada bo’ladigan Ittifoq yig’inida bu boradagi so’nggi qaror berilishi kutilmoqda.

Mamlakat ichidagi ommaviy fikr va siyosiy kayfiyat Yevropa tarafida. O’tgan oy o’tkazilgan so’rovda aholining 45 foizi Yevropa Ittifoqiga qo’shilishni yoqlagan. Moskva yetakchiligidagi guruh tarafdorlari faqat 14 foizni tashkil etgan.

Moskvadagi Karnegi tadqiqotlar markazi direktori Dmitriy Trenin Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo’shilishini tabiiy va ijobiy jarayon deb hisoblaydi.

“Bu nafaqat iqtisodiyot yoki siyosiy va huquqiy tizimlarni, balki jamiyatlarni zamonaviylashtirish uchun muhim qadam bo’ladi. Shuning uchun men bu qarorni juda muhim va ijobiy deb bilaman”, - deydi u.

16 oydan so’ng Ukraina yangi prezident uchun ovoz beradi. Yevropaga qo’shilish tarafdorlari soni ortib borar ekan, tahlilchilar fikricha, prezident Viktor Yanukovich Yevropa bilan ittifoqchilik bitimini imzolagan taqdirdagina qayta saylanish imkoniyatiga ega bo’lishi mumkin.

Yanukovich ayni paytda Rossiyadan kutilayotgan iqtisodiy bosimlarni qarshi olishga tayyorlanmoqda. Xitoy yaqin orada Ukrainaning ikkinchi eng katta savdo hamkoriga aylanish arafasida.

O’tgan hafta Ukraina yil oxirigacha Rossiyadan gaz importini to’xtatishga qaror qildi. Bu iqlimning issiq kelgani, yangi gaz zaxiralari tizimining barpo etilgani hamda Yevropadan gaz olish imkonini beruvchi yangi quvurlar yotqizilgani bilan izohlanmoqda.

Moskvalik tahlilchi Sergey Mixaylov Rossiya va Ukraina o’rtasidagi ziddiyatni saylov oldida turgan ikki kuchli nomzod kurashiga o’xshatadi.

Ziddiyatning aksariyati ruhiy bosimdan iborat. Agar Litvada bitim imzolansa, Ukraina va Rossiya yangi voqelikka ko’nikishga majbur bo’ladi, deydi u.

Yevropa Ittifoqining Rossiyadagi elchisi Vigaudas Ushachkasning aytishicha, Rossiya aslida bu bitimdan foyda ko’radi.

“Buning Rossiyaga kuchli ta’siri bo’ladi, deb umid qilaman. Chunki Rossiya Ukraining eng yaqin qo’shnisi. Yevropaning boshqaruv, hisobdorlik va iqtisodiy rang-baranglik kabi qadriyatlaridan Rossiya ham naf ko’radi”, - deydi u.

Bu gaplarning isbotini ko’rishga hali erta, ammo Ukrainaning qaysi yo’lni tanlashi tez kunlarda ma’lum bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG