Breaking News

Rossiya Qrim taraqqiyoti uchun 1,1 milliard dollar ajratyapti


Qrimda referendumdan oldin konsert, Simferopol, 9-mart, 2014-yil
Qrimda referendumdan oldin konsert, Simferopol, 9-mart, 2014-yil
Qrim muxtoriyatida yakshanba kunga belgilangan referendumga tayyorgarlik avjida. Yarimorol parlamenti o’tgan hafta Rossiyaga qo’shilish istagini bildirib, ovoz bergan.

Qrim saylov komissiyasi rahbari Mixaylo Malishevning aytishicha, ro’yxatdan o’tgan barcha saylovchilar ovoz berishga haqli.

Yevropa davlatlari, AQSh va Ukraina muvaqqat hukumati referendumga qarshi chiqmoqda. Bosh vazir Arseniy Yatsenyuk Rossiyaga bir qarich ham yer bermaymiz, demoqda.

Chorshanba kuni Yatsenyuk Oq uyda prezident Barak Obama bilan vaziyatni muhokama qilib, undan maslahat oladi.

Ayrim manbalarga ko’ra, Qrim Rossiyaga qo’shilsa, Kreml uning taraqqiyotiga 1,1 milliard dollar sarflamoqchi va buning uchun pul ajratilgan.

Kecha Germaniya kansleri Angela Merkel Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashib, referendum noqonuniy, Ukraina konstitutsiyasiga zid degan. Putin nazarida esa jarayon xalqaro qonunchilikka to’liq javob beradi.

Qrim parlamenti spikeri Vladimir Konstantinovning aytishicha, agar yarimorol Rossiyaga qo’shilsa, hududdagi ukrain harbiylari xorijiy kuch deya baholanadi.

“Ular Qrim hukumatiga bo’ysunishi yoki avtonomiyani tark etishi kerak bo’ladi”, - deydi.

Qo’shma Shtatlar referendum natijalarini tan olmoqchi emas.

AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfolning aytishicha, Qrim Ukraina tarkibidan chiqgudek bo’lsa, Rossiya xalqaro maydonda yakkalanib qoladi.

"Hatto Xitoy ham Rossiyani bu masalada qo’llab-quvvatlagani yo’q", - deydi u.

Ukraina Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Oleg Slobodyanning aytishicha, rus askarlari Qrimda 11 chegara postini nazorat qilmoqda.

Ukraina sharqidagi Donetsk shahri aholisi ham referendum o’tkazilishini talab qilmoqda. Lenin maydonida 7000 odam to’planib, hilpirab turgan Ukraina bayrog’ini tushirib, Rossiya bayrog’ini ko’targan.

Yaqinda Rossiya qamog’idan chiqqan sobiq milliarder Mixail Xodorkovskiy Kiyevda muvaqqat hukumat tarafdorlari namoyishida so’zga chiqib, Maydondagi inqilobni yoqlagan. Uning aytishicha, rossiyaliklarning hammasi ham Kremlning hozirgi siyosatidan xursand emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG